Hukumat a’zolari lavozimlariga nomzodlarni tayinlashning yangi tartibi joriy qilindi

  • 21:50 / 21.04.2020
  • 134

Endi Hukumat a’zolari lavozimlariga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanishi lozim.

Bu haqda joriy yil 16-aprel kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati a’zolari lavozimlariga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanishi tartibi joriy etilganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining qarorlari “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiqlashtiriladi.

Qarorga muvofiq, bir qancha vazirlik va davlat qo‘mitalari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

Ular quyidagilar:
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi,
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri,
Madaniyat vaziri,
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri,
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi,
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi,
Davlat statistika qo‘mitasi raisi,
Sog‘liqni saqlash vaziri,
Maktabgacha ta’lim vaziri,
Davlat geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi raisi,
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri,
Jismoniy tarbiya va sport vaziri,
Suv xo‘jaligi vaziri,
Qurilish vaziri,
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri,
Energetika vaziri,
Xalq ta’limi vaziri,
Davlat soliq qo‘mitasi raisi,
Qishloq xo‘jaligi vaziri.

Eslatib o‘tamiz, shu kunga qadar amalda bo‘lib kelgan tartibga binoan mazkur vazirlik va idoralar rahbarlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezident tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan yoki Bosh vazir tavsiyasiga ko‘ra lavozimga tayinlanib kelganlar.