IIV rasmiysi: Joriy yil 40 mingga yaqin kishi Toshkent shahri va viloyatida propiskaga qo‘yildi 

  • 17:39 / 08.11.2019
  • 36

Xabardor.uz muxbirining xabar berishicha, kuni kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ichki ishlar vazirligining tegishli vakillari hamda OAV xodimlari ishtirokida respublikadagi migratsiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi. 

Unda 2019-yilning 10 oyi mobaynida Toshkent shahri bo‘yicha jami 32 ming 380 nafar, Toshkent viloyati bo‘yicha 7462 nafar fuqaro doimiy propiskaga qo‘yilgan. Shuningdek, Toshkent shahri bo‘yicha 145 854, Toshkent viloyati bo‘yicha 27 286 nafar fuqaro vaqtincha hisobga olingan.

IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Nodir Ziyayevning ma’lum qilishicha, joriy yilning 10 oyi mobaynida O‘zbekistonga salkam 7 mln. nafar xorijlik kelgan. Ushbu davrda 6729 nafar chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs respublikamiz hududida bo‘lish qoidalarini buzib yashagani aniqlanib, ular ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

2019-yilda O‘zbekistonda 847 ming 317 nafar fuqaroga biometrik, 781 ming 376 nafariga esa xorijga chiqish pasportlari berilgan.

Yil davomida 4951 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan.