Ichki bozorning 78 foizini tomorqada yetishtirilgan mahsulotlar ta’minlamoqda

  • 00:49 / 11.09.2019
  • 66

Kecha, 10-sentyabrda Axborot va Ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Xabardor.uz muxbiri.


Anjumanda ichki bozorning 78 foizini tomorqa yerlaridan yetishtirilayotgan mahsulotlar to‘ldirayotgani ta’kidlandi. Bu esa tomorqa xo‘jaligidan daromad olayotgan aholi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratibgina qolmay, o‘z mahsulotini jahon bozoriga ham olib chiqishga zamin yaratyapti. Bugungi kunda tomorqadan eksport qilinayotgan mahsulotlarning aksariyatini piyoz, karam va ko‘kat egallamoqda. 


Joriy yildan boshlab, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etgan paxtakor fermer va boshqa xo‘jaliklar uchun har gektariga 8 millon so‘mdan subsidiya berish boshlandi. Suv ta’minoti og‘ir joylar uchun 2 922 ta kengash huzuridagi jamg‘arma mablag‘laridan 9,1 mlrd. so‘mga artezian quduqlari qazib berildi.


Fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilayotgan mahsulotlar ichida go‘shtga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada oshib boryapti. Bozorlardagi go‘shtning narxi keskin oshishi sabablari sifatida talab va taklifning ko‘pligidan, deb qaralmoqda. Aholining sifatli go‘shtga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida chorvachilik uchun yerlar ajratildi. U joylarga esa chorva mollari uchun to‘yimli ozuqa ekiladi.