Ilhom Abdullayev: “Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasida televizion bozor tendensiyalari hisobga olinishi kerak

  • 21:51 / 09.10.2019
  • 70

Bugun “Poytaxt” biznes markazida O‘zbekiston teleradioeshittirish sohasi uchun huquqiy bazani yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbati Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlandi. Xususan, qaror ijrosini ta'milash maqsadida tuzilgan “Teleradioeshittirishlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. 

Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari va boshqarma boshliqlari, Oliy Majlis qonunchilik palatasi, Adliya vazirligi, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, MTRK, EOAVMA hamda xususiy telekanallar vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining raisi Ilhom Abdullayev ochib berdi va “Eshittirishlar to‘g‘risida”gi qonunning maqsadi haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, qonun loyihasi zamonaviy televizion bozorning barcha talablarini hisobga oladi va mahalliy televideniye rivojlanishiga to‘sqinlik qilyotgan bir qator muammolarni hal qilishga qaratiladi.

Qonun loyihasi 6 bob va 38 moddadan iborat bo‘lib, hozirda keng jamoatchilik muhokamasi uchun normativ-huquqiy hujjatlar portaliga joylashtirilgan. 

Shunisi e’tiborga loyiqki, yangi qonun nafaqat mahalliy telekanallar va radiokanallar faoliyatiga, balki O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy televizion va radiokanallarning ham faoliyatini tartibga solishga qaratilgan.

Bu tashabbus tadbirda ishtirok etgan Milliy teleradiokompaniya va mahalliy telekanallar vakillari o‘rtasida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi. Munozara davomida O‘zbekistonda mahalliy va xorijiy telekanallarning reyestrini yaratish zarurligi to‘g‘risida fikr bildirildi. Bundan tashqari, televideniye vakillari, provayderlar va televizion xizmatlarni ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik bazasini ishlab chiqish zarurligi to‘g‘risida fikr almashdilar.

Shuningdek, tadbir qatnashchilari mahalliy telekanallarning tomoshabinlariga ta’sir etuvchi zamonaviy internet texnologiyalarining rivojlanishi bilan bog‘liq xavotirli fikrlarni bildirdilar. Xususan, Qozog‘istonda qozoq televizion kanallarining auditoriyasi xorijiy veb-resurslarning tobora ommalashib borishi tufayli yil sayin kamayib borayotgani ta’kidlandi. 

Ko‘pgina o‘zbekistonlik televizion kanallar allaqachon internetda IP-TV texnologiyalari orqali efirga uzatilayotganligini hisobga olib, mutaxassislar ushbu yangilikning afzalliklari va mumkin bo‘lgan zararini muhokama qilishdi.

Ishtirokchilar qonun loyihasining ular uchun, ayniqsa, muhim bo‘lgan boshqa moddalarini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Tadbir xulosalariga ko‘ra, qaror qabul qilingandan so‘ng davlat, xususiy, jamoat va xorijiy teleradio tashkilotlari milliy radioeshittirishlar tarkibiga kiritilishi mumkin. Qonun loyihasiga muvofiq radioeshittirish tashkilotlarini tashkil etish huquqidan yuridik shaxslar va O‘zbekiston fuqorolari foydalanadilar. Bundan tashqari, xorijiy ta’sischining ulushi 30 foizdan oshmasligi kerak.