Ingliz tilini o‘rganishning tez va oson usuli

  • 23:28 / 21.02.2020
  • 3152

Ingliz tilini o‘rganishni boshlaganlar bu ish qanchalik qiyin ekanligini juda yaxshi bilishadi. Darsliklar, so‘z yodlash, ingliz tilida film tomosha qilish va qo‘shiq eshitish kabi keng qamrovli mashg‘ulot ham yetarlicha foyda bermaydi. Biroq ingliz tilini o‘rganishning shunday oson usuli ham borki, uni qo‘llagan zahoti muammoingiz yengillashadi. 

Ingliz tilini o‘rganayotgan har bir kishi, ayniqsa, boshlovchilar uchun so‘zlarni terib, o‘z o‘rnida qo‘llash oson ish emas. Hammamiz so‘zlarni tartibsiz ishlatishga o‘rganib qolganmiz. Bitta gapni o‘zbek tilida bir necha xil tarzda so‘zlarini o‘zgartirib yozish mumkin. Shunda ham barcha sizni tushunadi. Va buni hech kim xato deb hisoblamaydi. Masalan, “Kecha quyon tushimda yugurib yurgan ekan” gapini olaylik. Bu gapdagi so‘zlar o‘rnini o‘zgartirib, “Kecha yugurib yurgan quyonni tushimda ko‘rdim” tarzida aytsak ham noto‘g‘ri bo‘lmaydi.

Ingliz tili esa bu chalkashlikni kechirmaydi. Unda so‘zlar xuddi ipga tizilgandek bir tekisda bo‘lishi kerak. Bitta so‘zning o‘rnini o‘zgartirib qo‘llasangiz, butun gapning mazmuni o‘zgarib ketadi. Quyon nima qilayotgani ham, qachon qayerdan paydo bo‘lgani ham anglashilmay qoladi.

So‘zlarni to‘g‘ri qo‘llash va ingliz tilini o‘rganish uchun SVOMPT sxemasidan foydalanamiz. Keling, har bir harf nimani anglatishini tadqiq qilib chiqamiz. 

S – subject (ega)
Gapning boshida, albatta, ot turkumiga mansub so‘z qo‘llaniladi. Ya’ni, bizning qahramonimiz quyon (rabbit) oldinga chiqadi. Aynan undan gapni boshlaymiz.

V – verb (kesim)
Qonun-qoidasiga ko‘ra, ingliz tili kesimsiz bo‘lmaydi. Gapda ikkinchi bo‘lib kesim keladi. Ya’ni, biz kim yoki nima haqida gap ketayotganini bilganimizdan so‘ng uning nima qilayotganini bilishga qiziqamiz. Quyon, masalan, harakatlanyapti (was moving).

O – object (to‘ldiruvchi)
To‘ldiruvchi har doim ham gapda uchrayvermaydi. Biroq agar kelsa, kesim bilan bog‘liq bo‘ladi. Ular bir nechta bo‘lishi mumkin va hammasi kesimdan so‘ng qo‘llaniladi. Misol tariqasida boshqa gapni olib ko‘ramiz: I had a funny dream about rabbits. Men quyonlar bilan bog‘liq ajoyib tush ko‘rdim.

M – manner (hol)
Yana davom etib, quyonlarning qanday yugurganini tasvirlaymiz. Aynan shu yerda hol so‘z turkumi kelib qo‘shiladi. Masalan: Quyon tez va sokin harakatlanmoqda. A rabbit was moving slowly and quiet.

P – place (o‘rni)
Biz quyon qanday harakat qilganini tasvirladik. Endi u buni qayerda amalga oshirganini aytamiz: A rabbit was moving slowly and quiet in my dream. Ya’ni, tushimda. 

T – time (vaqti)
Gapning eng oxirida voqeaning qachon sodir bo‘lgani keltiriladi. “A rabbit was moving slowly and quiet in my dream last night”. Mana, holatni butun detali bilan keltirib o‘tdik.

O‘zingizga bu jajji sxemani yozib qo‘ying. Uning yordamida siz o‘rgangan so‘zlaringizdan qanday va qaysi o‘rinda foydalanishni o‘rganib olasiz. Eng muhimi, mazmunni anglab olish. Tartibga solish esa unchalik ham qiyin emas.