Izolyatsiya vaqtida qanday iqtisod qilish mumkin: 6 ta oddiy qoida

  • 21:12 / 21.05.2020
  • 111

Agar shoping yagona ko‘ngilxushlikka aylanib qolgan bo‘lsa, qanday qilib ortiqcha narsa sotib olmaslik mumkin? Bir qarashda o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish va uyda o‘tirish iqtisod qilishning eng yaxshi yo‘liga o‘xshab ko‘rinadi. Amalda esa, aytaylik rossiyaliklarning 38 foizi ovqatga oldingilardan ko‘ra ko‘proq pul sarflay boshlagan. Alkogol, zoomahsulotlar, raqamli xizmatlar va boshqalarga talab ortgan. Shu bilan birga izolyatsiyada o‘tirgan rossiyaliklarning uchdan ikki qismida ishni yo‘qotish ehtimoli borligiga qaramasdan  hech qanday jamg‘armasi yo‘qligi, jamg‘armasi borlarning yarmidagi pul zaxirasi 6 oyga yetishi aniqlangan. Xuddi shuni hisobga olgan mutaxassislar pul iqtisod qilish uchun bir necha maslahat tayyorlagan.
   
Tuyg‘ularga berilib xarid qilmang  
O‘ylanmagan xarajatlardan saqlanish uchun his-tuyg‘ularga berilib xarid qilmang. Nimanidir istayapsizmi? Ertagacha kuting. Siz istayotgan o‘sha narsa ertaga unchalik muhim emasga o‘xshab qolishi mumkin. O‘shanda bilingki – o‘sha mahsulot yoki xizmatning sizga mutlaqo keragi yo‘q. Bu narsa yeguliklarga ham tegishli: restoranga buyurtma berishdan oldin muzlatkichdagi narsalarga ko‘z yugurtirib chiqing. O‘sha narsani uyda tayyorlashingiz uchun hamma narsa yetarli bo‘lishi aniq. Qolaversa, uyqu oldidan tinchlanib olish uchun onlayn-do‘konlarga kirish shart emas. Tinchlanishning boshqa yo‘llarini izlang.

Vaqt chegaralarini o‘rnating
Smartfondagi xarid qilish dasturlariga ortiqcha vaqt sarflamaslik uchun vaqt limitlarini o‘rnatish mumkin. Umuman olganda, agar bu ilovalarni telefondan butunlay olib tashlasangiz yana-da aqlliroq ish qilgan bo‘lasiz. Faqat kompyuter orqali buyurtma qiling. Shuningdek, bank kartalari bo‘yicha sutkalik xarajatlarga ham limit qo‘yish mumkin. Bu ham ortiqcha sarflardan saqlaydi.

O‘zingizni puldan himoya qiling
Bankdan hisob raqami ochib, jamg‘arib boring. Kichik miqdordan bo‘lsa ham boshlayvering. Bu ishni bank ilovalari yordamida tez bajara olasiz. Bundan tashqari, jamg‘arma hisobingizga kundalik xarajatlardan iqtisod qilingan pullarni ham o‘tkazib borishingiz mumkin. Shu tariqa jiddiy xaridlarni amalga oshirish imkoni ham paydo bo‘ladi.  

Har ehtimolga qarshi asqatadi, deb sotib olmang  
Ovqat ham, kiyim va boshqa narsalar ham hammaga yetadi. Navbati kelishini kutib, turib qolgan oziq-ovqat mahsulotlarining buzilib qolish ehtimoli katta bo‘ladi.  Buzilib qolsa, chiqindi qutisiga tashlashdan boshqa iloj qolmaydi. Pullar shamolga sovuriladi. Chiqindilarni ko‘paytirmang, katta zaxira yig‘mang. Ishoning, mamlakatimizda yegulik ancha vaqtgacha yetadi.

Taomlarning bir necha kunga mo‘ljallangan ro‘yxatini tuzing va o‘zingiz tayyorlang 
Taomlarning oldindan tayyorlangan ro‘yxati asosida sizga qanday mahsulot kerakligini bilasiz va yangisini sotib olmasdan, muzlatgichda turib qolgan mahsulotlarning yaroqlilik muddati o‘tib ketmasdan ishlatib yuborasiz. Yarim tayyor mahsulotlarni mikroto‘lqinli pechda qizdirgandan ko‘ra, taomni bir boshdan o‘zingiz tayyorlaganingiz ma’qul: xom mahsulotlar ancha arzon turadi. Bu salatlarga ham tegishli: yangi sabzi va ko‘katlarni to‘g‘rash qachonlardir yuvilib, qadoqlangan salatdan afzalroq. 
   
Narxlarni taqqoslang, aksiyalarga uchmang  
Bir mahsulotning turli saytlardagi narxini o‘rganib chiqing. Marketologlarning hamma takliflariga ham ishonavermang. Ayrim xizmatlar o‘z foydalanuvchilari uchun yopiq superchegirmalar uyushtiradi. Biroq ayni superchegirmada turgan tovarning narxi boshqa saytlarda undan ham arzon bo‘lishi mumkinligini unutmang.

Navfalbek Boltayev tayyorladi