JICA mablag‘lari evaziga Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi quriladi

  • 18:23 / 14.01.2020
  • 81

Foto: Prezident Matbuot xizmati

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) mablag‘larini jalb qilgan holda Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash loyihasi amalga oshirilmoqda.

Bu haqda bugun, 14-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga oliy darajadagi tashrif yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida ta’kidlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 17-20-dekabr kunlari Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifida ikki tomonlama hamkorlikga erishilgan.

Tashriflar yakunida hukumatlararo va idoralararo salmoqli hujjatlar to‘plami, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsion bitimlar imzolangan. Yaponiya bilan esa 6 mlrd. dollardan ziyod qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Jumladan, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) kredit mablag‘lari hisobidan “Ma’lumotlarni saqlash va ularga ishlov berish markazlari (data-markazlar) tashkil etish”, “Paketli kommutatsiya xalqaro markazlarini kengaytirish”, “Telekommunikatsiya transport tarmog‘i va ma’lumotlar uzatish tarmog‘ini kengaytirish”, “Radiotarmoqni modernizatsiya qilish” loyihalarini amalga oshirish uchun 180 mln. dollar mablag‘ jalb etishni rejalashtirgan.