Jek Ma: Agar biror narsa qilishni istasangiz, uni pulsiz bajaring

  • 23:14 / 12.09.2019
  • 585

10-sentyabr kuni Xitoyning Alibaba kompaniyasi asoschisi, milliarder Jek Ma 55 yoshga to‘ldi. U ushbu sanani nafaqaga chiqish bilan nishonlashga qaror qildi. Jek Ma rasman Alibaba direktorlar kengashi raisi lavozimidan iste’foga chiqdi

Shu munosabat bilan biz uning bundan bir necha yil oldin Rossiyaga tashrifi davomida Moskva talabalariga qilgan ma’ruzasining eng qiziqarli parchalarini eslashga qaror qildik.

“Men o‘zimni buyuk deb hisoblamayman. Xitoyning oddiy oilasida tug‘ilganman. Qolaversa, juda yaxshi o'qimaganman. Ehtimol, mening maktabim yaxshi bilim bermas edi. Shu sababli o‘qishni tugatgandan keyin ancha vaqt ish topolmadim. Uch marta imtihondan yiqildim va universitetga bora olmadim. Ammo hech qachon taslim bo'lmadim.”

“Men bir nechta muhim narsalarni bilib oldim. Birinchidan, taslim bo‘lmaslik kerak. Ikkinchidan, sizning omadingiz hali kelmaganligi haqida o‘ylashingiz kerak. Yoshligimda, men Bill Geyts haqida bilardim va Bill men qila oladigan narsani qildi deb o‘ylardim. U mening muvaffaqiyatimni mendan o‘g‘irlagan va o‘sha paytda shaxsiy kompyuterlar uchun dasturiy ta’minot sohasida mavjud bo‘lgan barcha imkoniyatlardan foydalangan deb o‘ylaganim uchun xafa bo‘ldim. Ehtimol, men juda oshirib yubordim. Atrofimdagilar uchun biron bir narsa qilishni boshlaganim yaxshiroqdir, deb o‘ylab qoldim.”

“Biz qilayotgan barcha ishlarimizni o‘n yillik istiqbolda baholash kerak. Agar biz muvaffaqiyat qozonishni istasak, 10 yil ichida qanday qilib yuqori cho‘qqilarni zabt etish haqida o‘ylashimiz kerak. Buning uchun, aqlli odamlar bilan ishlashimiz shart. Muvaffaqiyatga erishmoqchi bo'lsak, xato qilishdan qo‘rqmasligimiz muhim. Ko‘p odamlar xato qilgandan keyin taslim bo‘lishadi. Alibaba’da biz hech qachon taslim bo‘lmaymiz. Xatolarimizdan saboq olamiz.”

“Alibaba birinchi paydo bo‘lganida bizda pul yo‘q edi. Ustiga ustak, ishchilar ham, texnologiyalar ham yetishmas edi. Hammasi mening kvartiramda boshlandi. Biz 18 kishi bo‘lib, Internetdan foydalangan holda kichik biznesga yordam berishga qaror qildik. O‘sha vaqtda 18 nafar edik, endi 60 mingga yaqinlashdik. Bu oson emas edi, lekin buni uddaladik. Bugun dunyodagi eng yirik Internet kompaniyalardan birimiz.”

“Agar siz to‘g‘ri yo‘nalish tanlasangiz, pul sizni topadi. Agar pulim bo‘lsa, buni qilgan bo‘lar edim, deganlarga men doimo shunday javob beraman: 
–Sizda hech qachon pul bo‘lmaydi. Agar siz haqiqatan ham biror narsa qilmoqchi bo‘lsangiz, uni pulsiz bajaring. Agar natijaga erishsangiz, pul sizga keladi.”

Teglar