Jonsonning takliflari Yevropa parlamentini qondirmadi

  • 20:37 / 09.10.2019
  • 63

Yevropa parlamenti (YP) prezidenti Devid Sassoli seshanba kuni Londonda Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson bilan uchrashuvda Brexitda ilgari surishi mumkin bo‘lgan hech qanday taklif eshitmaganini aytdi.

“Ma’lumki, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi kelishuv nafaqat Parlamentlar palatasida ovoz berishda, balki Yevropa Parlamenti tomonidan ma’qullanishni ham talab qiladi. Shuning uchun Buyuk Britaniya Bosh vaziri Brexitga bizning yondashuvimiz haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yevropa parlamentidan eshitishi juda muhim”, deyiladi YP matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan bayonotda.

Sassolining so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya bilan shartnoma tuzishda soddalashtirilgan Brexit eng yaxshi natija. U YP o‘tgan yili London bilan kelishilgan bitimni qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini ta’kidladi va uni “eng yaxshisi” deb atadi.

Shu bilan birga, Sassoli Yevropa Parlamenti “har qanday holatda ham kelishuvga rozi bo‘lmasligini” ta’kidlab, u Jonsonni ogohlantirgan.

“Biz “Yaxshi juma kuni” bitimini (1998-yildagi Belfast shartnomasi) va tinchlik jarayonini buzadigan yoki yakka bozorimizning yaxlitligiga xavf tug‘diradigan bitimga rozi bo‘lmaymiz. Biz buni sentyabr oyida ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyamizda aniq ko‘rsatib berdik”, deya eslaydi Sassoli.

Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi oxirgi marta 31-oktabrga qoldirildi.

Teglar