Jurnalistlar professional etikasi namunaviy kodeksi ishlab chiqildi

  • 18:12 / 13.11.2019
  • 38

Joriy yilning 12-noyabr kuni “Yuksalish” umummilliy harakatida Jurnalistlar professional etikasi namunaviy kodeksi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda mutasaddi tashkilotlar, NNTlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, xorijiy ekspertlar ishtirok etdi, deya xabar bermoqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.

Tadbir davomida “Yuksalish” umummilliy harakati va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda jurnalistika sohasida xalqaro etika standartlarini rivojlantirish” loyihasining dastlabki natijalari sarhisob qilindi.

Jumladan, loyiha doirasida hududlarda faoliyat yuritayotgan bosma va internet OAV vakillari uchun tahliliy materiallar tayyorlashga bag‘ishlangan treninglar tashkil etildi. Unda jami 120 dan ziyod jurnalistlar qamrab olindi. Shuningdek, loyiha ishtirokchilari tomonidan 50ga yaqin tahliliy maqolalar tayyorlandi hamda internet tarmog‘iga joylashtirildi.

Ta’kidlanganidek, loyihaning yana bir natijasi bu – sohaning tajribali mutaxassislari, xorijiy ekspertlar va eng asosiysi OAV vakillari ishtirokida Jurnalistlar professional etikasi namunaviy kodeksining ishlab chiqilgani. Joriy yilning iyun – avgust oylari davomida hududlarda tashkil etilgan uchrashuvlarda jurnalistlarning ushbu masala yuzasidan fikrlari o‘rganildi. Shuningdek, kodeks loyihasi joriy yilning 25-27-sentabr kunlari Toshkent viloyatida tashkil etilgan yakuniy treninglarda ham muhokama qilindi hamda yanada takomillashtirildi.

Davra suhbati davomida kodeks loyihasining dastlabki taqdimoti o‘tkazildi hamda yana bir bor soha mutaxassislarining fikr va takliflari o‘rganildi. Endilikda, Jurnalistlar professional etikasi namunaviy kodeksi istalgan jurnalistlar hamjamiyati tomonidan foydalanish uchun tashkilotchilar tomonidan uch tilda internet tarmog‘iga joylashtiriladi.