Kanadalik o‘spirin 27 yil avval yo‘qolgan ayolni topishga yordam berdi

  • 00:00 / 11.09.2019
  • 500

Kanadaning Revelstok shahrida o‘spirin yigit 1992-yilda g‘oyib bo‘lgan ayolga tegishli mashinani topdi, deb xabar beradi CBS News.

Xabarga ko‘ra, avgust oyida o‘n uch yoshli Maks Verenka onasi Nensi bilan ko‘lga dam olsih uchun borgan. Ular ko‘l bo‘ylab ijaraga olingan qayiqda sayr qilishar ekan, suv ostida yotgan eski mashinaga duch kelishgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya quyosh nurlari tufayli mashinani ko‘ra olmagan. Shundan so‘ng, o‘spirin yigit o‘zining GoPro kamerasi bilan suvga cho‘ng‘ib, suv ostini tasvirga tushirgan.

Politsiya xodimlari mashinani quruqlikka tortib olganida, mashina 1986-yilda ishlab chiqarilgan qora Honda Accord ekanligi aniqlangan. Avtomobil salonidan esa 1992-yilning kuzida izsiz g‘oyib bo‘lgan Janet Farrisning jasadi topilgan.

Arxiv ma’lumotlarga ko‘ra, ayol do‘stining to‘yiga borish uchun yo‘lga chiqqan, lekin u bayram joyiga yetib bormagan. Politsiya Farris avtohalokatga uchradi va vafot etdi, deb taxmin qilishgan bo‘lsa-da, ammo hech qanday halokat izlarini topa olmagan.

Huquq-tartibot idoralari voqea haqida Farrislar oilasiga xabar berishdi. Marhumaning o‘g‘li Jorjning aytishicha, ular allaqachon Janetni topishdan umidini uzishgan. Lekin shu kunga qadar ularni ayol qanday g‘oyib bo‘lgani to‘g‘risidagi savol qiynab kelgan.

Marhuma krematsiya (jasadni ma’lum bir izolyatsiyalangan muhitda kuydirish) qilingandan so‘ng, xoki 1984-yilda vafot etgan erining yoniga ko‘mildi.

Teglar