Bolani mustaqil ovqatlanishga osongina o‘rgatamiz

  • 09:16 / 15.09.2021
  • 68

Kichkintoyni ertami-kech mustaqil ovqatlanishga o‘rgatish kerak. 6-7 oylikdan boshlab bola qoshiqchani o‘z qo‘liga olishni va sizning ko‘magingizsiz sekin-asta ovqatlanishga harakat qila boshlaydi. Mutaxassislar bolaning mustaqil ovqatlanishiga 8-10 oyligidan boshlab yo‘l ochib berishni tavsiya etishadi. Xo‘sh, qanday qilib? Buni qanday osongina uddalash mumkin? Quyida shu haqida...

Tayyorgarlikni boshlaymiz
1.  Mustaqil ovqatlanishni o‘rgatish bola bo‘yiga mos stol tanlashdan boshlanadi. Shuningdek, ovqat to‘kilganida tezgina yuvib olishga qulay bo‘lgan so‘lakcha taqishni unutmaslik lozim.
2.  Stolcha ustini bolaga mos hajmdagi idishlar: likopcha, piyola, krujka, qoshiq bilan to‘ldiring. 
3.  Kuniga hech bo‘lmasa 1-2 marta bolaning oila davrasi, dasturxon atrofida o‘tirishini ta’minlang. Bu kichkintoyda stolda qanday ovqatlanish kerakligi haqidagi ko‘nikmani shakllantirishga yordam beradi.  

Mustaqil ovqatlanishga o‘rgatishni boshladik
•  Avvaliga farzandingizga yumshoq, silikonli plastik qoshiqni tutqazish tavsiya etiladi.

•   Bolaning o‘zi mustaqil ravishda og‘ziga solgan ilk ovqati pyure bo‘lishi kerak.

•  Qoshiqqa olingan ovqat luqmasi bola og‘ziga to‘liq, to‘kilmagan holatda yetib kelsa ham quvoning. Qo‘llaringiz bilan chapak chalib, uni olqishlang, barakalla,  endi o‘zing bemalol ovqat yeya olasan, deb uni erkalab qo‘yishingiz ham mumkin. Bu holatda ota-onalarning sharafli vazifasi bu farzandining o‘zi mustaqil ovqatlanishga bo‘lgan tashabbusini va buni uddalaganini ijobiy olqishlashdir.

•  Ovqatlanishdan oldin bolaning qo‘llarini yuving, so‘lakchasini ham tozalab taqib qo‘ying.

•   Bola krujka yoki piyoladan choy ichsa-yu, kiyimlariga to‘kkan bo‘lsa, egnidagilarni darhol almashtiring. Chunki aksariyat bolalar nam kiyimda tez shamollab qoladi. Ayniqsa, ularning suv to‘kilgan sohalari – yuqori nafas a’zolari tez yallig‘lanishi mumkin.

•   Bolani o‘zingiz ham ovqatlantirib turishingiz kerak. Bu uning uchun namuna bo‘lishi lozim. Biroq kattalar ko‘magini biroz kamaytiring, farzandingizning o‘zi mustaqil ovqat yeyishiga ham imkon yarating.

•  Bola jajji qo‘llariga qoshiqni olishi bilan uni kuzating. Uning qanday qilib ovqatni qoshig‘iga olishi va og‘ziga olib borishigacha e’tibor bering.  Ovqatlanish vaqtida ikkinchi qo‘li bilan likopchani ag‘darib yubormaslik uchun tutayotganini yoki qoshig‘idagi ovqatini tushirib yubormaslikka urinayotganini ham kuzating. 

•  Ovqatlanish davomida kuzatiluvchi betartiblikka jahl qilmang. Bolaning endigina ovqatlanishni o‘rganayotganligini unutmang. 
Uzoq sabr va matonat bilan parvarishlangan daraxt, albatta, o‘z mevasini beradi!