Ko‘p qavatli avtoturargohlarni bosqichma-bosqich barpo etish boshlanadi

  • 11:17 / 09.11.2019
  • 29

O‘zbekistonda ko‘p qavatli avtoturargohlarni bosqichma-bosqich barpo etish bo‘yicha dastur loyihasi ishlab chiqiladi. Bu haqida harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati ishtirokchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish va IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida aytilgan.

Hujjatga ko‘ra, aholi gavjum bo‘ladigan joylarda tirbandliklarning oldini olish, haydovchi va piyodalarning xavfsiz harakatlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish mo‘ljallangan.

Bunda aholi gavjum bo‘ladigan bozorlar, savdo markazlari, avtoshohbekatlar yaqinida piyodalar yer osti va yer usti o‘tish joylari hamda avtoturargohlar, shuningdek, zaruratdan kelib chiqqan holda ko‘p qavatli avtoturargohlarni bosqichma-bosqich barpo etish bo‘yicha dastur loyihasi ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Ijro muddati – 2020-yil yanvar, mas’ul ijrochilar – Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, IIV, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari.