Ko‘zlaringiz yana charchadimi? Charchoqni olishning oson olti usuli

  • 16:40 / 13.02.2020
  • 1126

Hozirgi zamonaviy hayotda ko‘zlarimizga ko‘p og‘irlik tushyapti: odamlar soatlab vaqtini kompyuter, telefon qarshisida o‘tkazmoqda. Bularning bari ko‘zlarni charchatmay qo‘ymaydi, albatta. Buning oldini olish uchun o‘tirgan joyingizda osongina bajarish mumkin bo‘lgan mashqlarni tavsiya etamiz. 

1-mashq: Tayyorgarlik
Tayyorgarlik mashqi ko‘z atrofida qon aylanishini yaxshilaydi, ularni mashqlarga tayyorlaydi. Buning uchun sochiq iliq suvda ho‘llanadi va yuzga bosiladi. Oradan uch daqiqa o‘tgach, sochiqni sovuqroq suvga ho‘llab, yuzga qo‘yiladi. Ushbu bozillatmalarni bir necha marta qaytarish mumkin. Shundan so‘ng, yuz terisi massaj qilinadi: iliqroq suvda ho‘llangan sochiq bilan yuz terisi yengil artib chiqiladi (ko‘zlardan tashqari). Ko‘z ustini barmoq yostiqchasi bilan yengil bosib chiqishning o‘zi kifoya.

2-mashq: Aylantirish
Bu mashq turi ko‘z mushaklarini mustahkamlaydi, ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi. O‘zingizga qulay holatda o‘tirib yoki turib oling. Yelkalar bo‘shashtirilishi, bo‘yin tekis tutilishi, ko‘zlar to‘g‘riga qaragan bo‘lishi kerak. Shu holatda faqat ko‘zning o‘zi bilan o‘ngga qarab turib sekin tepaga qaraladi. So‘ng bir soniyaga ko‘zlar qattiq yumib olinadi. Xuddi shu mashqlar chap ko‘zda ham bajariladi. Chap tomonga qaralib, ko‘z bilan yerga tushiladi. So‘ng soat aylanmasi bo‘ylab ko‘zlar aylantiriladi. Keyin soat aylanmasiga teskari holatda ko‘zlar harakatlantiriladi. Mashq davomiyligi 2 daqiqani tashkil etishi kerak (mashq 10 marta takrorlanadi).

3-mashq: Qo‘l kafti bilan yopish
Qo‘llar bir necha soniyaga bir-biriga yaxshilab ishqalab, isitib olinadi. So‘ngra kaftlar ko‘zlar ustiga qo‘yiladi. Bunda barmoqlar peshona sohasida, bilak tomon esa yanoqlar sohasida turishi kerak. Kaftlarni ko‘z ustiga tekkizmagan holatda, ko‘z oldida xuddi kichik g‘or hosil qilgancha barmoqlar orasi ochiladi. So‘ng xuddi g‘orning kirish yo‘lini to‘sgan kabi barmoqlar orasi zich yopiladi. Shu holatda ko‘zlarni yumib bo‘shashtirishga harakat qiling. Qo‘llarni 30 soniyadan 5 daqiqagacha ushlab turish mumkin.

Ko‘zlarni ochishdan avval qo‘llarni tushirish va ana undan keyin atrofga ko‘zlar bilan boqish kerak.

4-mashq: Fokusni o‘zgartirish
Mashq oldidan tana bo‘shashgan, nafas olishlar maromi bir tekis bo‘lishi kerak. Bir qo‘lingizni oldinga cho‘zib, bosh barmoqni qoldirgancha qo‘l yengil mushtlanadi. Bor diqqat-e’tibor bilan shu bosh barmoqqa qaragan holda qo‘lni o‘zingizga tomon yaqinlashtiring. So‘ng chuqur nafas olib, harakatlar yana 10 marta qaytariladi.

5-mashq: Turli masofalarga qarash
Qulayroq o‘tirgan holda o‘zingizdan ancha uzoqdagi jihozga qarang. Tanlab olingan fokusga imkon qadar ko‘proq qarab turishga harakat qiling. Qarash davomida ko‘zlarni zo‘riqtirmaslik kerak. Ko‘z bilan tikilish tugagach, chuqur nafas oling va nigohingizni boshqa jihozga qarating.

Shu taxlit o‘zingizdan yiroqda turgan jihozlarga birma-bir qarab chiqing (har biriga 2-3 soniya qarash). Butun mashq 3-5 daqiqa davomida bajariladi.

6-mashq: Sakkizlik
Tasavvur qiling, o‘tirgan joyingizdan sal nariroqda, polda katta qilib sakkiz raqami chizilgan. Siz ko‘zingiz bilan mana shu sakkiz ustidan “yurib” chiqishingiz kerak bo‘ladi. Bu yo‘lni avval bir tomondan, keyin ikkinchi tomondan boshlang. Harakatlar 2-3 marta bajarilishi kerak.