Koreyadagi xalqaro robototexnika chempionatida gʼoliblikni qoʼlga kiritgan yoshlar Toshkentdagi Turin politexnika universitetiga imtihonsiz qabul qilinadi

  • 13:44 / 09.10.2019
  • 41

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi

Koreyadagi xalqaro robototexnika chempionatida gʼoliblikni qoʼlga kiritgan yoshlar Joriy yilning 7-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovatson rivojlanish vazirligida Koreya Respublikasining Donxe shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro robototexnika chempionatida ishtirok etib, yaxshi natijalarni ko‘rsatgan O‘zbekiston yoshlar milliy terma jamoasi aʼzolarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.


Tadbirda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov, Buyuk Britaniyaning Petromaruz kompaniyasi direktori maslahatchisi Zaripov Bahriddin, hamda Turin politexnika universiteti rektori O‘ktam Salomov ishtirok etib, chempionatda muvaffaqiyatli ishtirok etgan yosh yurtdoshlarimizga sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirdilar. 

— Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazida Robototexnika bo‘yicha ochilayotgan laboratoriya sizlar uchun o‘ziga yarasha ustaxona vazifasini o‘taydi. Uni aynan sizlar kabi bilimli, dono va zukko yoshlarimiz uchun ochamiz, – dedi I.Аbdurahmonov. – Bugun uyga borar ekansizlar, mahalladoshlarga, sinfdoshlarga, do‘stlaringizga robototexnika haqida gapirib beringlar. Zero, ular ham bu sohaga qiziqib, o‘z imkoniyatlarini namoyish qilsin. Kelajak sizlarniki! Innovatsiyalaar ham, yaratilayotgan sharoitlar ham barchasi sizlar uchun aslida, shunday ekan g‘alaba ruhiyati bilan oldinga ildam qadam bosish kerak, – taʼkidladi vazir yoshlarga o‘z tilaklarini bildirar ekan.

Innovatsion rivojlanish vaziri PETROMARUZ kompaniyasiga jamoaning chempionatda ishtirokiga homiylik qilgani hamda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘z navbatida B.Zaripov terma jamoa aʼzolari o‘qishni bitirib, Petromaruz kompaniyasiga ishga kirsa, boshqa xodimlardan 30 foiz ko‘p maosh berilishini aytib o‘tdi.

 Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori O‘ktam Salomov Robo scolar yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rinni egallagan jamoa aʼzolariga Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetiga imtihonsiz o‘qishga kirish va kontrakt to‘lovini 30 foiz chegirma asosida to‘lab o‘qish imkoniyatini beruvchi sertifikatlarni topshirdi.

Maʼlumot o‘rnida aytish kerakki, Milliy terma jamoa aʼzolari tibbiyotda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan “Smart doc box” loyihasini ishlab chiqib, Robo scolar yo‘nalishida 3-o‘rinni egalladilar. Shuningdek, musobaqaning so‘nggi kunida milliy terma jamoa ishtirokchilari “Best agriculture project” (qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi mualliflik loyihasi) nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. “Robot in movie” yo‘nalishida esa jamoa aʼzolari “Technical award” mukofotiga sazovor bo‘ldi.