Koronavirus: Tojikiston O‘zbekistonning qaysi tajribalaridan foydalanayotgani ma'lum qilindi  

  • 16:16 / 22.05.2020
  • 119

O‘zbekistondan Tojikistonga borgan anesteziolog-reanimatolog, pulmonolog, epidemiolog, infeksionist, virusolog kabi mutaxassislar tojikistonlik hamkasblari bilan hamkorlikda qator tavsiyalar ishlab chiqishgan va shu asosda samarali chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Jumladan,Tojikistonda aholi tomonidan koronavirus infeksiyasi bo‘yicha tushgan murojaatlarni zudlik bilan ko‘rib chiqish va hal etish uchun, O‘zbekiston tajribasidan kelib chiqqan holda, Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mobil kompaniyalar orqali aholini koronavirus kasalligidan himoya qilish maqsadida tizimli ravishda SMS targ‘ibot ishlari boshlab yuborilgan.

Shuningdek, kasallikka chalingan bemorlarni samarali davolash, shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, gigiyena qoidalariga rioya qilish va shifoxonalarda zararsizlantirish tadbirlarini amalga oshirish tartib-qoidalari bo‘yicha master-klass mashg‘ulotlari ham o‘tkazilgan. 

Bundan tashqari, tashrif doirasida Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat, tuman davolash profilaktika muassasalarining rahbarlari va yuqumli kasalliklar shifoxonalarining mutaxassislari ishtirokida qator onlayn videomuloqotlar o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonga yordamga borgan shifokorlar qaytib kelgani xabar qilingandi.