Koronavirus tarqalishiga qaramay, Tokio olimpiadasiga tayyorgarlik davom etmoqda

  • 17:44 / 26.02.2020
  • 294

“Tokio-2020” Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik koronavirus tarqalishiga qaramay, har doimgidek ketyapti, deya xabar bermoqda BBC.

Shu paytga qadar virusning dunyo bo‘ylab keng tarqalayotgani sababli Xitoydagi bir qator sport tadbirlari, Italiyadagi futbol uchrashuvlari noma’lum muddatga qoldirilgandi.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) vakili Dik Pound: “Sportchilar bor diqqat-e’tiborini tayyorgarlikka qaratishi lozim”, deya ta’kidlagan Associated Press’ga bergan intervyusida.

Poundning ta’kidlashicha, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va alohida milliy hukumatlar tomonidan qabul qilingan qarorlar asosida ish olib boradi.
“Biz sportga doir muammolar bilan shug‘ullana olamiz, ammo pandemiya bizning ta’sir doiramizdan ancha yuqori”.

Pound o‘yinlarni bekor qilish “eng yomon ssenariy” bo‘lishini ham qo‘shimcha qilgan.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi bayonotida aytilishicha, tashkilot yuqumli kasalliklarning tarqalishini diqqat bilan kuzatib boruvchi barcha tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni davom ettiradi va qarshi choralarni ko‘rib chiqadi. Bundan tashqari, XOQ Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan ham doimiy aloqada bo‘ladi.

“Biz tegishli idoralar, xususan, Yaponiya va Xitoy vaziyatni hal qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishiga ishonchimiz komil. Qolgan xabarlar esa mish-mish”, deyiladi bayonotda.