Koronavirusga chalingan bemorning bir kunlik davolanishiga qancha mablag‘ sarflanishi aytildi

  • 21:40 / 26.05.2020
  • 455

So‘nggi 14 kun ichida 49 042 nafar shaxs karantinga olingan, 734 nafar fuqaroda koronavirus aniqlangan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.

So‘nggi 14 kunning tahliliga ko‘ra, o‘tgan davrda 17 ta charter reyslar bilan olib kelingan 4056 nafar, chegara o‘tkazish postlari orqali mamlakat hududiga kirib kelgan 11 216 nafar hamda muloqotda bo‘lganlar bilan birgalikda hisoblanganda jami 20 035  nafaro fuqarolar stasionar karantinga olingan.

– Shu davrda mamlakatimizda 734 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bo‘lsa, shundan 283 nafari Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi Karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasidan tasdiqlandi, - deydi vazirlik boshqarma boshlig‘i Baxromjon Igamberdiyev.

Tahlillarga ko‘ra, xorijdan charter reyslar bilan olib kelinganlar orasida eng ko‘p kasallanganlar 14-may kuni Sankt-Peterburg shahridan olib kelingan fuqarolarda aniqlanib, 86 nafarni tashkil etdi. 

Chegara o‘tkazish postlari orqali kirib kelganlar orasida eng ko‘p kasallanish holati esa Qozog‘iston Respublikasidan “Gʻishtko‘prik” chegara postidan kirib kelgan fuqarolar orasida aniqlandi. Ularning soni  99 nafar.

Baxromjon Igamberdiyev ayni paytda davlat byudjetidan statsionar sharoitda tibbiy kuzatuvda bo‘lgan har bir fuqaroning bir kuni uchun o‘rtacha 153 ming 700 so‘m sarflanayotgani haqida ham qayd etib o‘tdi.