Kun tarixi: “Google” asoschilaridan biri 47 yoshda. Android yaratilishi sabablari, Stiv Jobs va “Google” asoschilari orasidagi bahslar haqida siz bilmagan haqiqatlar

  • 11:46 / 26.03.2020
  • 342

1973-yil 26-martda dasturchi va “Google” asoschilaridan biri Larri Peyj AQShning Michigan shtatida Michigan universitetida o‘qituvchi bo‘lib ishlovchi, informatika falsafasi bo‘yicha doktor, informatika fanlari doktori Uill Smeyl va xuddi shu universitetning dasturchilik bo‘yicha o‘qituvchisi Glori Peyjlar oilasida dunyoga kelgan.

Larri Peyj haqida qiziqarli ma’lumotlar
• Larrining onasi va buvasi yahudiy bo‘lishiga qaramasdan oilada diniy tarbiya olmagan.

• O‘zining eslashiga qaraganda, uning yoshligi kompyuterlar sochilib yotgan, ilmiy va texnik jurnallar orasida o‘tgan.

• U yoshligida saksofon chalishni bilgan va musiqiy kompozitsiyalarni o‘rgangan. O‘zining aytishiga ko‘ra, “Google”ning tez sur’atlarda ishlashiga ham aynan musiqa sabab bo‘lgan. Musiqa undagi tezkorlikni tarbiyalagan.

• Yoshligida akasi unga narsalarni qismlarga ajratishni o‘rgatgan. Shu yo‘sinda u uyidagi barcha narsalar qanday ishlashini bilish uchun qismlarga ajratib chiqqan. 

• “Yoshligimdan ixtirochi bo‘lishni xohlashimni tushunib yetganman. Shuning uchun ham texnologiya va biznesga qiziqqanman. 12 yoshimda esa kompaniya asoschisi bo‘lishimni bilganman”, – deydi Larri Peyj.

• Stenford universitetida Larri boshqa bir aspirant-matematik Sergey Brin bilan tanishib qoladi. Ular suhbat davomida juda ko‘p bahslashishadi. Keyinchalik bir-birlari haqida aytishlariga qaraganda, Larri Sergeyni yoqimsiz odam deb o‘ylagan, Sergeyda esa aksincha, Larri unga juda yoqib qolgan va kelajakda do‘stlashib ketishlariga ishongan. Ular birgalikda “Google” kompaniyasiga asos solishgan.

• Larri Peyj “Tesla”ning investorlaridan biridir. Shuningdek, uchuvchi apparatlar ishlab chiqaruvchi “Opener” kompaniyasining ham strategik homiysi hisoblanadi.

• “Google”dagi birinchi eslatma Larri Peyj tomonidan yozilgan. U 1998-yil 8-iyulda “Have a fun and keep googling!” bo‘lgan.

• “Google” asoschilari kompaniyani Apple’ga sotmoqchi bo‘lishgan, ammo Apple uni sotib olmagan. Shunda ular boshlagan ishlarini o‘zlari davom ettirishga kirishishgan va Androidni ishlab chiqishgan. Stiv Jobs va “Google” asoschilari juda ko‘p bahslashishar edi.

Larri Peyj aforizmlari

• Biz qilish mumkin bo‘lgan narsalarni 1 foizini qildik, xolos. Barcha narsa juda tez o‘zgarmoqda, biz esa o‘zimizda bor imkoniyatlarga qaraganda juda sekin harakatlanayapmiz. Har safar “Google” nimagadir qarshi ekanligi haqidagi maqolani ko‘raman. Bu juda zerikarli. Biz allaqachon bor narsalarga emas, aksincha nimanidir yaratishga e’tiborimizni qaratishimiz kerak.

• Kostyumsiz ham jiddiy bo‘lish mumkin.

• Ish sinov bo‘lishi, sinov esa rohat berishi kerak 

• Biz Stiv Jobs bilan juda ko‘p bahslashar edik. U “Bolalar sizlar juda ko‘p, har xil ish qilayapsizlar”, – der edi. U bitta, ikkita narsani a’lo darajada bajardi. Biz esa ko‘proq ishlar qilib, dunyoga ko‘proq ta’sirimiz bo‘lishini xohlar edik.

• Biz barcha yoqadigan va odamlarga ko‘roq foydali bo‘lgan narsalarni yaratishni xohlaymiz. Odamlar kuniga ikki marta ishlatadigan, chiroyli va tushunarli narsalarni o‘ylab topishni xohlaymiz. Xuddi tish cho‘tkasi kabi. Dunyoda odamlar kuniga ikki marta ishlatadigan narsalar juda kam.

Guljahon Sanjarbekova tayyorladi