Kuz mavsumida yuzaga chiquvchi 5 ta kasallik va ularga oid maslahatlar

  • 18:14 / 05.09.2019
  • 591

Kuz-qish mavsumida, odatda immunitet pasayib, ko‘pchilikda surunkali kasalliklar zo‘rayadi va salomatlik bilan bog‘liq yangi muammolar yuzaga keladi. Quyida ular haqida qisqacha ma’lumot va ulardan saqlanish yo‘llarini berib o‘tamiz.

SISTIT 

Immunitet tushib ketishi hisobiga, sovqotish tufayli organizmda yallig‘lanish paydo bo‘ladi. Kun davomida bir joyda o‘tirish tosda qon aylanishni sekinlashtiradi, achchiq, sho‘r, qovurma taomlar kasallikning boshlanishiga turtki bo‘ladi.

Birinchi yordam: qorin sohasining pastki qismiga isitgich (grelka) qo‘yib, huruj o‘tib ketgunicha – bir soat belni o‘rab yoting. Yotgan joyingizda moychechak yoki pol-pola o‘simligidan tayyorlangan choyni qultumlab iching. Qancha ko‘p suyuqlik ichsangiz, shuncha ko‘p infeksiyani siydik yo‘llaridan yuvib chiqargan bo‘lasiz.

Tavsiya: Immunitetni ko‘tarish uchun kuzda to‘yib uxlash, vaqtida dam olish kerak. Kuz boshlanishi bilan shifokor bilan maslahatlashib, darmondorilar ichishni boshlang. Nahorga sabzi yoki lavlagi sharbatini ichishga odatlaning. U organizmga quvvat berib, yallig‘lanishni haydaydi. O‘stirilgan bug‘doyni 2 oshqoshiq miqdorida ovqatlar orasida tanovul qiling, kuzgi zo‘rayishlarda bu eng ma’qul davo.

BUYRAK XURUJI

Agar sistitni vaqtida davolamasangiz, yallig‘lanish darrov buyraklarga o‘tib ketadi. So‘ng kasallikni “og‘ir artilleriya” – antibiotik bilan davolashga to‘g‘ri keladi. Buyrak og‘rishi jiddiy holat. Bunday paytda “tez yordam” chaqirish lozim. Shifokor kelguniga qadar, bemorni chalqancha yotqizib, boshini biroz ko‘tarib, oyoqni tizzalaridan bukib yotqizish kerak, bu bemorning ahvolini ancha yengillashtiradi, makkajo‘xori popugidan damlama tayyorlab ichirish ham foyda beradi.

GASTRITDAN CHORA – MULOYIM MUOMALA

Kuzda ta’m bilish qobiliyati o‘zgarib, sho‘r, achchiq narsalar yegimiz keladi. Gastrit bilan og‘rigan bemorlar uchun bu xavfli. Yorug‘likning kamligi odamda tushkun holatni paydo qiladi. Bu ham kasallikning qo‘zg‘ashi uchun qulay sharoit. Ovqatdan keyin og‘izda achchiqlik, behuzurlik, qorin sohasida og‘riq sezmaslik uchun oshqozonga muloyim singuvchi yengil taomlar sarxil meva va salatlar yeyish, ovqat hazmini tezlashtiradigan ferment dorilar qabul qilish, har xil damlamalar ichish orqali kasallikni quvishga harakat qiling. Nahorga gazsiz mineral suvni isitib iste’mol qilish foydali. Quritilgan anjir, olma yoki o‘rik qoqisidan tayyorlangan damlama oshqozon shilliq qavatidagi yallig‘lanishning yo‘qolishiga yordam beradi.

Gastritda birinchi yordam: oshqozonni yuvish kerak. Buning uchun bir yarim litr qaynatilgan iliq suvni 6 dona faollashtirilgan ko‘mir tabletkasi bilan birga qultumlab ichiladi.

OSHQOZON YARASI

Bu kasallik bilan hazillashib bo‘lmaydi, yara istalgan paytda ochilib ketishi va og‘ir holatlarga olib kelishi hech gapmas. Bunday paytda bemorni darhol yotqizib, qorin sohasiga muzli xaltacha qo‘yiladi va “tez yordam” kelishi kutiladi. Oshqozon yarasi xuruj qilganida yangi siqilgan kartoshka sharbatini yarim piyola miqdorida ichiladi, zig‘ir yoki suli urug‘idan tayyorlangan yelimshak (kisel) ichish ham oshqozon shilliq qavatini o‘rovchi, og‘riqni to‘xtatuvchi ta’sir ko‘rsatadi.

GAYMORIT 

Ushbu kasallik bilan bir bor og‘rigan bemor uning zo‘rayishlari va kuchli xurujlari haqida yaxshi biladi. Tana harorati ko‘tarilib, burun, bosh sohasida kuchli og‘riq qiynaydi. Bunday paytda qaynab turgan suvga bir hovuch tuz solib, ustida 3 daqiqa nafas olish kerak, huruj darrov o‘tib ketadi. Keyin gulxayri yoki shirinmiya o‘tidan bir chimdimini choy kabi damlab, kun davomida yarim piyoladan qaynoq holda ichiladi.

Teglar