Mahmud Muradov braziliyalik jangchini oktagonga chorladi

  • 18:08 / 20.05.2020
  • 180

UFC promoushenidagi birinchi o‘zbek jangchisi Mahmud Muradov navbatdagi jangi va qoldirilgan to‘qnashuvdagi braziliyalik raqibi Antonio Karlos haqida o‘z fikrini bildirdi.
   
“Dunyoda pandemiya bilan bog‘liq vaziyat asta-sekin yaxshilanmoqda va shu munosabat bilan Chexiya Respublikasida, umuman Yevropada ham cheklov choralari asta-sekin yumshatilmoqda. Barchaga ma’lumki, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat UFC’ning TOP-15 taligidan o‘rin olgan raqibim Karlos bilan jang qilishimizga to‘sqinlik qildi. Yaqin kelajakda hamma narsa joyiga tushadi va chegaralar parvozlar uchun ochiladi, deb umid qilaman. Men jangga butunlay tayyorman.  

O‘ylaymanki, raqibim  tugallanmagan ishimiz borligini unutmagan. Men tez orada navbatdagi jangimni o‘tkazaman va barchangizni mamnun qilaman degan umiddaman”, deb yozadi Muradov o‘zining Facebook’dagi sahifasida. 
   
Shuningdek, sportchi Antonio Karlosga o‘z Twitter sahifasi orqali ham murojaat qilgan.

“Salom, Antonio Karlos! Bilishimcha, sen allaqachon jarohatingdan sog‘ayib, mashg‘ulotlarni boshlab yuborgan ko‘rinasan. Xo‘sh, tugallanmagan ishimizni oxiriga yetkazib qo‘yishga va bir oktagonda hisob-kitob qilishga nima deysan? Kel, muxlislarga ajoyib jang ko‘rsatamiz. Xo‘sh, tayyormisan?” deya izoh qoldirgan sportchi.

Teglar