Maykl Blumberg AQSh prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘ymoqchi

  • 17:54 / 08.11.2019
  • 58

Nyu-Yorkning sobiq meri Maykl Blumberg 2020-yilgi prezidentlik saylovlarida oʻz nomzodini qoʻyishni rejalashtirmoqda, deya xabar beradi The New York Times gazetasi uning rejalaridan xabardor manbalarga tayanib.

77 yoshli Blumberg bu hafta Alabama shtatidagi prezidentlik saylovlari uchun ariza topshirishga tayyorlanmoqda. Biroq nashrning taʼkidlashicha, yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.

Avvalroq, Blumbergning maslahatchisi Xovard Volfson AQShning amaldagi prezidenti Donald Trampni “xalqimizga misli koʻrilmagan tahdidi” deb atagan va amaldagi prezidentlikka daʼvogarlar 2020-yilda Trampni magʻlub etish uchun “unchalik yaxshi holatda emas“ degan xavotirni bildirgan edi.

Mart oyida Blumberg AQSh prezidentligiga nomzodini qoʻymasligini eʼlon qilgan edi.

Bir oy oldin, Amerika ommaviy axborot vositalari Blumberg Trampning ikkinchi muddatga saylanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun oʻz mablagʻlaridan 500 million dollar sarflashga tayyorligi haqida xabar bergan edi. U bu pulni oʻz saylovoldi kampaniyasiga yoki Demokratik partiyadan nomzodni OAVda qoʻllab-quvvatlashga sarflamoqchi edi.

Teglar