Milliy gvardiya tomonidan respublika bo‘ylab nechta uy va xonadonlar qo‘riqlanayotgani haqida aytildi

  • 16:26 / 26.03.2020
  • 514

Fuqarolarning yashash joylarida karantin tadbirlarini ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab 5 mingdan ortiq uylar va xonadonlar Milliy gvardiyaga biriktirilgan bo‘lib, ularning qo‘riqlovi uchun 3 mingga yaqin harbiy xizmatchi va xodimlar jalb etilgan.

Bu haqda bugun, 26-mart kuni AOKA huzuridagi shtabda Milliy gvardiya  yuridik ta’minot va murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Turg‘unov ishtirokida bo‘lib o‘tgan onlayn brifingda aytib o‘tildi.

“Milliy gvardiya bo‘linmalarining kuch va vositalari tomonidan joriy yilning 22-martiga qadar tashqi perimetr bo‘ylab 70 dan ortiq statsionar obyektlar, ya’ni sanatoriyalar, kasalxonalar, yotoqxonalar, mehmonxonalar va boshqa tibbiy muassasalar qo‘riqlovga olingan bo‘lib, mazkur jarayonga jami 1000 nafardan ortiq harbiy xizmatchi va xodimlar jalb etilgan edi.

Hozirda ushbu obyektlar belgilangan tartibda Mudofaa vazirligi tasarrufiga topshirildi”, deydi Ilhom Turg‘unov.

Shuningdek, 25-mart holatiga ko‘ra, Milliy gvardiya harbiylari va xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda Karantin tartib-qoidalarini buzgan 325 nafar fuqaro aniqlanib, ularga nisbatan tegishli chora-tadbirlarni qo‘llash uchun topshirilgani ta’kidlandi.