Milliy gvardiya vakolatlari kengaymoqda

  • 18:52 / 12.09.2019
  • 729

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bir qator qonunlar ikkinchi oʻqishda deputatlar tomonidan koʻrib chiqilishi uchun maromiga yetkazilayotgan boʻlsa, qonun tashabbusi huquqiga ega subyektlar tomonidan kiritilgan yana ayrim qonun loyihalari birinchi oʻqishda muhokama qilish uchun masʼul qoʻmitalar tomonidan tayyorlanmoqda, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Hamroyev.

Qayd etilishicha, ulardan biri “Qoʻriqlash va nazorat-litsenziyalash faoliyatining takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻlib, u Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tarkibiga, muqaddam Ichki ishlar vazirligi tarkibida boʻlgan Qoʻriqlash Bosh boshqarmasi va uning boʻlinmalari, Patrul-post xizmati va Jamoat tartibini saqlash Bosh boshqarmasi, Xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarini qoʻriqlashni taʼminlash boʻyicha alohida batalyoni, Nazorat-ruxsat berish faoliyati boʻlimi oʻtkazildi va bu oʻz navbatida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritishni talab etadi.

Loyiha qonun tashabbuskori tomonidan quyi palataga kiritilganidan soʻng Mudofaa va xavfsizlik macalalari qoʻmitasi tomonidan sohaga oid amaldagi qonun normalari oʻrganildi, ekspertlar va mutaxacsislar fikr-mulohazalari olindi va qonun loyihasi birinchi oʻqishga tayyorlandi.

Loyiha bilan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi)ning huquqbuzarliklar oldini olish yoʻnalishidagi vazifalari, ularning majburiyat va vakolatlari belgilanmoqda.

Ayni paytda qonun loyihasi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlik guruhiga taqdim etilgan boʻlib, ular tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda, Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida birinchi oʻqishda koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.