Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi: iqtisodiyotda haligacha davlat ishtiroki yuqori bo‘lib qolmoqda

  • 23:55 / 18.09.2019
  • 228

Bugun, 18-sentyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbirda “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimi va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni ijrosi va mohiyati yuzasidan maʼlumot taqdim etildi.

Anjumanda raqobatga oid munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirish maqsadida yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun loyihasining ijrosi, iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish, fond bozorini rivojlantirish, shuningdek, sogʻlom raqobat muhitini yaratishda faol investitsiya siyosatini olib borish masalalari muhokama etildi.

Prezidentning “2019-2023-yillarda Tovar va moliya bozorlarida raqobarni rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ishlab chiqilgan. Mazkur Strategiyada nazarda tutilgan raqobatni himoya qilish, shu qatorda monopoliyaga qarshi kompleks mexanizmni joriy etish kabi tadbirlarni amalga oshirish choralari alohida ta’kidlangan. 

–  Biz ishlab chiqarish hajmini o‘rganganimizda mahsulot va xizmatlar hajmi 2018-yildagi yalpi ichki mahsulot hajmining 70 foiziga tengligi aniqlandi. Bu esa iqtisodiyotda haligacha davlat ishtiroki yuqori bo‘lib qolayotganidan dalolatdir. Bir qancha davlat organlari mas’ul mutaxassislari bilan birgalikda iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqdik, – dedi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Najmiddinxo‘ja Sharipov.       

Shuningdek, jurnalistlar kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Prezidentimizning yangi qarori nega ikki tilda emas faqat rus tilida muhokamaga qo‘yilganiga izoh so‘rashdi. 

Najmiddinxo‘ja Sharipov, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi:      

“Biz doimo ikki tilda qo‘yishga harakat qilamiz. Ochig‘i, bu gal muddat qisqaligi va texnik nosozliklar sabab faqat rus tilida qo‘yishga majbur bo‘ldik. Biroq bir kun ichida o‘zbek tilidagi namunasini ham tayyorlab berdik”, deya uning izohini keltirmoqda Xabardor.uz muxbiri.