NASA zondi quyosh shamolining tovushini qayd etdi

  • 14:31 / 21.02.2020
  • 156

Parker Solar Probe zond bizning quyoshimizni tadqiq qiladi. NASA tarixda ilk bor quyosh shamolining ovozini qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. Zaryadlangan zarralarning bu oqimi quyosh tojidan chiqib soatiga 1,6 million kilometr tezlikda harakatlanadi.
  
Quyosh shamoli – bu zaryadlangan zarralarning oqimi bo‘lib, quyosh tojida, ya’ni atmosferasining yuqori qismida paydo bo‘ladi. NASA taqdim etgan ovozli videodagi shamolning ovozi g‘ijirlashni, shovullashni, gohida esa chirqillashni eslatadi. Uni o‘zingiz ham eshitib ko‘rishingiz mumkin. Eshitilayotgan ovoz to‘lqinlari plazma va molekulalarning o‘zaro ta’siridan hosil bo‘lgan chastota va amplitudalaridan paydo bo‘lganligini eslatib o‘tish joiz.

Oqim tezligi juda katta, soatiga 1,6 million kilometrgacha yetishi mumkin. Olimlarning aytishicha, Quyoshda paydo bo‘lgan bu shamol, Yergacha yetib keluvchi shamoldan farq qiladi. Quyosh shamolining zarralari yulduzni tark etar ekan, yanada tezlashadi. Parker Solar Probe zondining oldida bu hodisani chuqurroq o‘rganish va mohiyatiga yetish masalasi turibdi. Hozircha plazma to‘lqinlari unga ta’sir etishi aniqlangan.