Navoiyda koronavirus yuqtirganlar soni ortmoqda – SSV

  • 20:13 / 22.05.2020
  • 384

Karantin qoidalariga amal qilmaslik natijasida Navoiy viloyatda so‘nggi ikki haftada kasallikka chalinganlar soni keskin oshdi, deb xabar bermoqda SSV Matbuot xizmati.

Ma'lum qilinishicha, viloyatda so‘nggi uch kunda virus yuqtirganlar 37 nafarga ko‘paygan. Kasallik tarqalishining asosiy o‘chog‘i sifatida Zarafshon shahri ko‘rsatilmoqda.

Ayni paytda Navoiy viloyatida 66 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan bo‘lib, ularning orasida xorijdan kelganlar yo‘q. Shundan 2 nafari sog‘aygan bo‘lsa, qolgan 64 nafari davolanmoqda. Navoiy viloyati bor yo‘g‘i  3 foiz sog‘ayish ko‘rsatkichi bilan kasallikdan davolanish bo‘yicha mamlakatda eng so‘nggi o‘rinda.

Eslatib o‘tamiz, bugun kun davomida 61 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan bo‘lsa, ularning 24 nafari Samarqand, 15 nafari esa Navoiy viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.