Navoiyda tosh va qumdan oltin ajratish yashirin sexi fosh bo‘ldi

  • 10:39 / 29.01.2020
  • 777

Navoiy viloyati Paxtachi tuman Sohilbo‘yi ko‘chasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro J.Q. va boshqalar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasiga qarashli “Qoraqo‘ton” tog‘ tizmasidagi maxsus hududdan yashirin ravishda tarkibida qimmatbaho oltin moddasi bo‘lgan tosh xomashyosini o‘g‘irlik yo‘li bilan kovlab olgani aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Xabardor.uz’ga ma’lum qildi.


Yashirin sexda toshdan oltin olingan


Fuqaro J.Q. va boshqalar “I.E.” MChJ.ga qarashli issiqxonada yashirin sex tashkil qilib, tosh mahsulotlarini qayta ishlash orqali oltin moddasini ajratib olish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.


Oltin oladigan jismlar olib qo‘yildi


Ulardan 445 kg. tog‘ toshlari, 666 kg. qum hamda tog‘ jinslarini bo‘laklash va maydalashga mo‘ljallangan qo‘lbola usulda yasalgan tegirmon va boshqa jihozlar ashyoviy dalil sifatida olingan.


12 mln. so‘mlik oltin olib qo‘yilgan


“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasining kimyoviy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida olingan qum va toshlarning tarkibida ma’lum miqdorda oltin moddasi mavjudligi aniqlanib, ularning umumiy qiymati 12,2 mln. so‘mni tashkil etgan.


Tergov olib borilyapti


Mazkur holat yuzasidan J.Q. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Xabardor.uz