Necha soat uxlagan ma’qul?

  • 09:23 / 07.08.2019
  • 1751

Uyqu tanamiz dam olib, ruhimiz sokin tortadigan holat. Xo‘sh, buning uchun biz necha soat uxlashimiz kerak? Kopchilik bir fikrni ushlab olgan: Inson kuniga 8 soat uxlashi kerak. 

Aslidachi?

Uyqu me’yorda bo‘lishi muhim. Zero yetarlicha uxlamaslik nafaqat ertasiga holsizlanib yurishimizga sabab bo‘ladi, balki sog‘lig‘imizga ham jiddiy zarar yetkazadi. Muntazam ravishda uyquga to‘ymaslik semizlik, qandli diabet, yurak-qon tomir tizimi kasalliklarni keltirib chiqaradi. Demak, to‘yib uxlamaslik sog‘lig‘imizga jiddiy ta’sir yetkazadi. 

Ko‘pchikigimiz dam olish kunlari to‘yib uxlab, ish kunlari yetmay qolgan uyqu o‘rnini to’ldirishga va charchoqni chiqarib olishga harakat qilamiz. Ammo bu ishimiz xato ekan. Hatto, bir-ikki kun ko‘p uxlab, har doimgidan kech turishimizning o‘zi ham organizmimiz bioritmi buzilishi uchun yetarli. Bu esa endi kunimiz toliqish va charchoq bilan o‘tadi, degani. U holda nima qiish kerak? Uyqu foydali bo‘lishi uchun bir vaqtda yotib, bir vaqtda turish lozim. Ana shunda, rejali uyqu biz uchun foydali bo‘ladi. 

Odam uyqusi borasida izlanishlar olib borayotgan Arizona universiteti professori Shon Yangshtadtning aytishicha, 7 soat uxlaydiganlar 8 soat va undan ko‘p uxlaydiganlarga qaraganda kasalliklarga kamroq chalinar ekanlar. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, ko‘p uxlash ham sog‘lig‘imiz uchun zararli. 

Kaliforniya universiteti professori Daniel F.Kripke bu borada maxsus tadqiqot ham o‘tkazgan. U 6 yil davomida saraton kasaligiga chalingan 1 milliondan ziyod bemorlarning uyqusi va sog’ayish dinamikasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuzatgan. 6,5 soatdan 7.5 soatgacha uxlaydiganlar bundan ko‘proq yoki kamroq uxlaydiganlarga nisbatan tezroq tuzalganlar. Demak, me’yoridagi uyqu sog‘ayishga yordam beradi.

Bu me’yor esa har kimda har xil bo’lib, uni inson irsiyati, madaniyati, dunyoqarashi kabi omillar belgilab beradi. Ammo shunga qaramay, o‘rtacha ko‘rsatkich mavjud. Inson uyg‘onganida o‘zini yaxshi his qilib,  og‘irlik va  holsizlik holatlari kuzatilmasligi, kun davomida faol harakatda bo‘lishi uchun o‘rtacha 6-8 soat uxlashi kerak bo‘ladi. 

Inson o‘zi uchun optimal uyqu vaqtini belgilab olishi uchun olimlar uch kun davom etadigan bir tajribani qo‘llab ko‘rishni tavsiya qilishdi. Tajribani faqat dam olish kunlaringizda, ortiqcha jismoniy va ruhiy zo‘riqishlar bo‘lmagan holda o‘tkazsangiz bo‘ladi. Tajriba davomida uyg‘otadigan soatdan umuman foydalanish mumkin emas. 

Amal qilishingiz zarur bo’lgan qoidalar:

1.Faqat charchaganingizdagina uxlashga yoting.
2.Alkogol va kofein mahsulotlaridan voz keching.
3.Uyqu vaqtida barcha elektr uskunalarni o‘chirib qo‘ying. 
4.Nechada uyquga ketib, nechada turganingizni daftarga qayd qilib boring.

Kim qanday natijaga erishganini izohlarda aytib o‘tishni unutmang. 

Nozima Rahmatova tayyorladi