Nega benzin narxi birjaga nisbatan “ko‘cha”da arzon?

  • 12:52 / 28.12.2019
  • 779

Nega benzin narxi birjaga nisbatan “ko‘cha”da arzon? Aslida birja savdolariga qo‘yilgan har qanday mahsulot narxi tadbirkor uchun ulgurji narxlarda bo‘lishi kerak emasmi? Yoki avtomobil yoqilg‘i shoxobchalarida xaridorlar haqiga xiyonat qilinadimi?..

Yakunlanib borayotgan 2019-yildagi O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi o‘z faoliyatini sarhisob qilib, rasmiy veb sahifasida maqola e’lon qildi. Unda bir qator masalalar yuzasidan, xususan, aholi orasida avtomobil yoqilg‘isining birjadagi narxi va AYoQShlardagi narxi borasidagi tushunmovchiliklariga izoh berdi.   

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlari va tariflarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori bilan Ai-91 rusumli avtomobil benzinining chakana narxi birja savdolari orqali bozor qoidalari asosida, talab va taklifdan kelib chiqqan holda erkin o‘rnatila boshladi.
 
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Nima sababdan 91-rusumli benzinning narxi avtomobil yoqilg‘i shoxobchalarida 5700 so‘m, birjada esa 6241 so‘m? 

Aytish joyizki, bu birinchi navbatda birjada sotiladigan 91-rusumli benzinning narxi tonnada, shoxobchalarda esa litr o‘lchovlarida belgilanishi bilan bog‘liq. Turli manbalarda keltirilishicha, avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1350 litrni tashkil qiladi. Qolaversa, endilikda shoxobchalar mazkur rusumli benzinni birja orqali xarid qilib, uning narxini o‘zlarining xarajatlaridan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda belgilash huquqiga ega bo‘lishdi”, deyiladi maqolada.