Nega bizda qimmatli qog‘ozlar bozori shakllanmagan? Agentlik direktori Otabek Nazirovdan izoh

  • 18:02 / 08.10.2019
  • 410

Bugun, 8-oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi rahbariyati va masʼul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbirda kapital bozorni rivojlantirish, qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasi hududida milliy hamda xorijiy emitentlarning (emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqaruvchi va ular yuzasidan qimmatli qog‘ozlarning egalari oldida majburiyatlari bo‘lgan yuridik shaxslar) qimmatli qogʻozlarini chiqarish, ularning samarali muomalada boʻlishi uchun zarur sharoitlarni taʼminlash va sohaga oid boshqa masalalar muhokama qilindi.

Qimmatli qog‘ozlar nafaqat aksiyadorlik jamiyatida, balki butun dunyoda raqobatbardosh hisoblanadi. Bizda aksiya dividentlari, qimmatli qog‘ozlar haqida ma’lumot yaxshi shakllanmagan. Qolaversa, xalqimiz bu borada yetarli tushunchaga ega emas? Ushbu savolga agentlik direktori Otabek Nazirov izoh berdi:

– “Gapingizda jon bor, haqiqatdan ham xalqimizda qimmatli qog‘ozlar haqida ma’lumotlar kam. Lekin, bu borada ma’lumotlar yo‘q degani emas. Internetdagi “Open info” saytida bu borada batafsil tushunchalar berib borilyapti. Umuman olganda, 1990-yillarning o‘rtalarida O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish boshlangan edi. Lekin ko‘p to‘sqinliklar bo‘ldi. Ya’ni, davlat nazoratidagi korxonalar davlatga dividend to‘lagan. Ammo aksionerlarga dividend to‘lolmay qolgan vaziyatlar bo‘lgach, ularning ishonchi o‘z-o‘zidan susayib ketgan. Shu bois, bu sohaga xalqning qiziqishi pasayib ketdi. 

Endilikda davlatimiz rahbarining topshiriqlari bilan, ommani qiziqtirgan va rivojlangan davlat korxonalarining 40ga yaqinini jalb qilib, ular bilan ana shunday qimmatli qog‘ozlar, aksiyalar haqida ma’lumot almashish jarayonlari rivojlantiriladi”, – degan izohini keltiradi Xabardor.uz muxbiri.