Nega dorini suvdan boshqa suyuqliklar bilan ichmaslik kerak?

  • 18:42 / 26.09.2019
  • 1131

Ko‘pincha odamlar dorini nima bilan ichish haqida o‘ylab o‘tirmaydilar. Qo‘l ostida nima bo‘lsa: oddiy suvdan tortib kofe va gazlangan suvgacha, ichaveradilar. Bunday qilish butunlay xato. Ko‘pgina zararsiz tuyulgan suyuqliklar dori bilan birga organizmga katta zarar keltirishi mumkin

Choy 


Uning tarkibidagi taninlar dorining organizm tomonidan so‘rilish va taqsimlanish tezligiga ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zi preparatlarni (masalan, antideprissantlarni) choy bilan ichganda asab tizimining kuchli qo‘zg‘alishiga olib keladi. Shuningdek, taninlar dorilarning ko‘pchilik komponentlari bilan yaxshi erimaydigan birikmalar hosil qiladi va yurak faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Sut
Sutning tarkibidagi kalsiy va oqsillar preparat bilan bog‘lanib, uning samarasini kamaytiradi: 20 foizgacha. 

Kofe


Tetiklik uyg‘otgani va konsentratsiyani oshirgani uchun sevimli bo‘lgan bu ichimlik dorilar bilan birga yaxshi ta’sir ko‘rsatmaydi. 
Kofe kuchli siydik haydovchi ta’sir ko‘rsatadi va shu sababdan preparatni organizmdan juda tez chiqarib yuborishi mumkin. Demak davolash uchun qilingan ish befoyda ketadi. 
Yana bir muhim narsa: kofe qisqa muddatga arterial bosimni oshiradi va bu effektni takrorlovchi dorilarni qabul qilish asab va yurak-qon tomir tizimlarida muammo paydo qilishi mumkin. 

Greypfrut sharbatlar


Kanadalik olimlar bu sharbatlarda furanokumarinlar borligini isbotlashdi. Ular ba’zi preparatlar ta’sirini 5 barobardan ortiqqa ko‘paytiradi! Bunday sharbat bilan dori qabul qilish jiddiy asoratlarga, hatto o‘limga olib kelishi mumkin. 
Greypfrut sharbati bilan ichilganda ta’siri kuchayadigan 100 ga yaqin dori vositalari ma’lum. Ulardan deyarli 50 ga yaqini dozaning oshib ketishi natijasida o‘limga olib kelishi mumkin. 
Boshqa sitrus mevalarning sharbatlari bunday ta’sir qilmaydi: apelsin yoki limon sharbati tarkibida furanokumarin yo‘q. Shuning uchun ham kuchaytiruvchi ta’sirga ega emas. 

Alkogol 


Har qanday dori vositasini alkogol bilan iste’mol qilish hayot uchun xavfli, bu dozaning oshib ketishiga olib keladi. Olimlar sun’iy model yaratib, unda dori vositasining alkogol bilan birga qanday so‘rilishini ko‘rsatib bergan. Tadqiqotdan ma’lum bo‘ldiki, bunda 70 foiz dorilar ancha tez parchalanar ekan. 
Ammo g‘alati tuyulishiga qaramay, doza oshib ketishi – muammolarning hali eng kichigi deb qaraladi. Etil spirti dori preparatlarining so‘rilish va taqsimlanish mexanizmini butunlay o‘zgartirish xususiyatiga ega. 
Masalan, og‘riq qoldiruvchilar alkogol bilan birgalikda ortiqcha uyquchanlikka, jigar va buyraklar bilan muammolarga, ko‘ngil aynishiga olib keladi. Yaxshisi, dori iste’mol qilgandan keyin ikki-uch kun alkogoldan uzoq turgan ma’qul. 

Kisel va kompotlar


Kisel gastrit va yazva bilan og‘rigan odamlarning “do‘sti” hisoblanadi. U ko‘pgina mahsulotlarning yoqimsiz ta’sirini pasaytiradi. 
Ammo shuni doim yodda saqlash kerak, bunda dorining ta’siri ancha pasayadi. 
Bu ichimliklarda turli meva kislotalari mavjud bo‘lib, dori vositasining faoliyatini o‘zgartirishi mumkin. Shuning uchun ular bilan dorini ichmagan ma’qul. 

Mineral suv va gazlangan ichimliklar


Mineral suv tarkibidagi komponentlar katalizator roliga kirib, dori vositasining ta’sirini bir necha bor tezlashtiradi va kuchaytiradi. Yoki, aksincha, dorining so‘rilishi susayadi. 
Ammo ba’zi holatlarda mineral suv iste’moli ma’qullanadi. Oshqozonga yomon ta’sir qiluvchi dorilarni mineral suv bilan ichish mumkin. Masalan, yod preparatlari va ba’zi antibiotiklarni.  
Shirin gazlangan ichimliklar esa, ularda shakarning yoki shakar o‘rnini bosuvchilarning, shuningdek, kofeinning (organizmga kofe singari yomon ta’sir qiladigan) ko‘p miqdori tufayli yaxshi ta’sirga olib kelmaydi.