Niqobdagi bosqinchilar “qariya mijoz”nikida qo‘lga tushdi

  • 18:00 / 09.11.2019
  • 108

Qarshi shahar IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bir guruh bosqinchilar jinoyat ustida qo‘lga olindi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ma’lum qildi.

“2019-yilning 7-noyabr kuni, taxminan, soat 02:00da 41 yoshli G.T.ning puldor jabrlanuvchi haqidagi bergan maʼlumoti bilan 32 yoshli I.D. jinoiy sheriklari 20 yoshli J.S., 20 yoshli Sh.O., 21 yoshli F.T., 34 yoshli O.S. va 35 yoshli S.X.lar yuzlariga niqob kiyib, temir truba va pichoq hamda skotch yordamida, Qarshi shahar “Аralovul” MFYda yashovchi 63 yoshli fuqaro M.А.ning uyiga bosqinchilik sodir etish maqsadida g‘ayriqonuniy ravishda kirib, jinoyatni sodir etayotgan vaqtida Qashqadaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor tadbir natijasida ushlangan”, deyiladi xabarda.

Hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida ushlangan shaxslardan ashyoviy dalillar hujjatlashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan 2019-yil 7-noyabr kuni Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik, uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat sodir etishda ishtirok etgan barcha shaxslarga ayblov eʼlon qilinib, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.