Nodavlat notijorat tashkilotlari hayotimizdagi qaysi o‘tkir masalani ko‘tarib, hal qilishga erishdi, afsuski, birorta ijobiy javob yo‘q – Prezident

  • 19:34 / 11.02.2020
  • 136

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashishdagi muhim vositalardan biri – jamoatchilik nazoratiga ham to‘xtab o‘tildi.
Yig‘ilishda Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida Jamoatchilik palatasi tashkil etish taklifi haqida va ushbu palataning asosiy vazifalari, tashkiliy jihatlari muhokama qilindi.

Jamoatchilik palatasi aholi fikrini muntazam ravishda o‘rganib borishi, ularning yechimini topish bo‘yicha davlat idoralari oldiga aniq vazifalarni qo‘yishi zarurligi ta’kidlandi. “Jamoatchilik eshituvi”, “jamoatchilik monitoringi”, “jamoatchilik ekspertizasi”, “jamoatchilik tashabbusi” kabi ta’sirchan nazorat shakllarini hayotga tatbiq etish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Hozirda jamoatchilik bilan ishlash tizimi joylarda va sohalarda xalqimizni qiynayotgan masalalarni davlat miqyosiga olib chiqib, hal qilishda natija ko‘rsata olmayapti. Ko‘p nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati rasmiyatchilikdan iborat bo‘lib qolmoqda.
“Mahalla”, “Nuroniy”, Xotin-qizlar qo‘mitasi kabi yirik birlashmalardan xalqimiz qanday naf ko‘ryapti, ular hayotimizdagi qaysi o‘tkir masalani ko‘tarib, hal qilishga erishdi, degan savolga, afsuski, ijobiy javob yo‘q”, deydi Prezident.

“Nodavlat notijorat tashkilotlari hamda davlat idoralari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini jonlantirish, ularga har tomonlama uslubiy ko‘mak berish ham yangi palata faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan bo‘ladi”, deyildi yig‘ilishda.

Shu kabi vazifalardan kelib chiqib, Jamoatchilik palatasining tashkiliy-huquqiy asosini yaratish, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish bo‘yicha 2020–2021-yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini takomillashtirish, jamiyat hayotiga oid muammolarni o‘rganish va samarali hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga grantlar ajratish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.