O‘z faoliyatini to‘xtatgan korxonalarga berilgan soliq imtiyozlari muddati uzaytiriladi

  • 15:32 / 30.05.2020
  • 186

Koronavirus sabab o‘z faoliyatini to‘xtatgan korxonalarga berilgan soliq imtiyozlari muddati uzaytiriladi. Bu borada Prezident Farmoni loyihasi ishlab chiqildi.
 
Unga ko‘ra, joriy yil 3-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga o‘zgartirish kiritiladi.
 
Hujjat bilan “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmonining 6 bandi birinchi xatboshisidagi “2020-yil 1-oktyabrga” so‘zlari “2020-yil 31-dekabrga” so‘zlari bilan almashtiriladi.
 
Eslatib o‘tamiz, faoliyatini to‘xtatgan va (yoki) tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan tushumi joriy yilning birinchi choragidagi o‘rtacha oylik miqdoriga nisbatan 50 foizdan ko‘proqqa kamaygan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq organlarini xabardor qilgan holda 2020-yil 1-oktabrga qadar ayrim turdagi soliqlarni foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi taqdim etilgan. Ular –
mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza bermasdan turib aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha – ularni keyinchalik 12 oy davomida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan;
 
ijtimoiy soliq bo‘yicha – uni keyinchalik 6 oy davomida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan.