O‘zbekiston MDH doirasida xalqaro tashuvga oid Bitimga qo‘shilishi kutilmoqda

  • 15:59 / 28.01.2020
  • 137

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomaga qo‘shilish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
 
Unga ko‘ra, O‘zbekiston 2014-yil 30-mayda Minsk (Belarus Respublikasi) shahrida imzolangan Transport xavfsizligini ta’minlash sohasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlarining informatsion hamkorligi to‘g‘risidagi Bitimga qo‘shilishi mumkin.
 
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirishga mas’ul vakolatli organ etib belgilanadi.
  
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan so‘ng o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari bajarilishining nazoratini ta’minlaydi.
 
Eslatib o‘tamiz, ushbu Bitim maqsadi tomonlarning axborot munosabatlarini tashkil etishning umumiy tamoyillarini aniqlashdan iborat bo‘lib, transport xavfsizligini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini va huquqiy tartibga solishni rivojlantirishga yondashuvlarni uyg‘unlashtiradi hamda a’zo davlatlar hududlari orqali xalqaro tashish paytida transport infratuzilmasi obyektlari va transport vositalariga turli tahdid va noqonuniy aralashish holatlari to‘g‘risida tegishlicha xabardor qiladi.