O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun byudjetdan 5,4 milliard so‘m ajratiladi

  • 17:40 / 11.02.2020
  • 218

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Milliy axborot agentligining axborot portalini yaratish to‘g‘risida”gi farmoyishi loyihasi e’lon qilindi.
 
Unga ko‘ra,  “O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorining ijrosini ta’minlash, shuningdek O‘zbekiston Milliy axborot agentligining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Milliy axborot agentligining axborot portalini yaratish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun xarid qilishi belgilangan texnika vositalari ro‘yxati tasdiqlanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi texnika vositalarini xarid qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetini 2020-yil 1-chorak yakuni bo‘yicha daromadlar rejasini orttirib bajarilgan qismi hisobidan 5,4 mlrd. so‘m O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga 2020-yilning aprel oyida ajratsin.

Mazkur farmoyishga asosan ajratilgan byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish yuzasidan shaxsiy javobgarlik O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktoriga hamda davlat xaridlari bo‘yicha tender (tanlov) savdolarining to‘g‘ri o‘tkazilishi ustidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish hamda maqsadli sarflanishini nazorat qilish Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorat departamenti zimmalariga yuklanishi nazarda tutilmoqda.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, ushbu farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi Yoshlar siyosati, madaniyat, ma’naviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyati zimmasiga yuklanadi.