O‘zbekiston Qirg‘izistonni 3:0 hisobida mag‘lub etdi 

  • 11:28 / 09.11.2019
  • 18

8-noyabr kuni Toshkent temiryo‘l muhandislari instituti sport majmuasida voleybol bo‘yicha erkaklar o‘rtasida “Toshkent – 2019” xalqaro turniriga start berildi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi Qirg‘izistonlik voleybolchilarni 3:0 hisobida mag‘lub etdi

Ushbu turnirda O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston hamda Qirg‘iziston terma jamoalari g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda. 
Dastlab zalga Turkmaniston va Tojikiston terma jamoalari tushdi. O‘yinda turkmanistonlik voleybolchilar 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. 

Kunning ikkinchi yarmida zalda O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston terma jamoalari bahs olib bordi. Unda o‘zbekistonlik voleybolchilar raqibidan 3:0 (26-24, 25-12, 25-17) hisobida ustun keldi. 

Turnir doirasidagi navbatdagi uchrashuvlar bugun o‘tkaziladi. Unda dastlab Qirg‘iziston hamda Turkmaniston terma jamoalari bahs olib boradi. So‘ngra Tojikiston va O‘zbekiston termalari zalga tushadi.  

10 noyabr – turnirning so‘nggi kunida esa muxlislar Tojikiston – Qirg‘iziston va O‘zbekiston – Turkmaniston uchrashuviga guvoh bo‘ladi.