O‘zbekiston VISA kartalaridan xorijdagi bank kartalariga pul o‘tkazmalarini amalga oshirish mumkinmi?

  • 21:55 / 22.05.2020
  • 158

Markaziy bank tomonidan Karantin davrida O‘zbekiston banklarining VISA kartalari bilan xorijdagi VISA kartalar o‘rtasida onlayn valyuta o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘yishga doir amaliyotga oydinlik kiritildi.

Unga ko‘ra, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tomonidan muomalaga chiqarilgan xorijiy valyutadagi VISA bank kartalaridan MILLIY mobil ilovasi orqali Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar, xususan, Rossiya Federatsiyasidagi tijorat banklari tomonidan emissiya qilingan xalqaro VISA bank kartalariga pul o‘tkazmalari (p2p) amaliyotini bajarish imkoniyati mavjud ekanligini ma’lum qilindi. 

Markaziy bank Mazkur o‘tkazmani Yevropa mamlakatlari va AQSH banklarining VISA kartalariga amalga oshirish imkoniyati yaqin kelajakda yaratilishini ham ma’lum qilib o‘tdi.

“O‘z navbatida, O‘zbekistondagi barcha tijorat banklari tomonidan emissiya qilingan VISA bank kartalariga barcha davlatlarning banklari tomonidan chiqarilgan VISA kartalaridan pul mablag‘larini qabul qilish imkoniyati mavjud”, deyiladi MB Matbuot xizmati xabarida.

Bundan tashqari, Markaziy bank respublikadagi barcha tijorat banklari filiallarida fuqarolar xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlaridan foydalangan holda, xorijiy davlatlarda bo‘lgan shaxslarga chet el valyutasida mablag‘larni yuborishlari mumkin bo‘lib, buning uchun karta ochish talab etilmasligini va milliy valyutadagi mablag‘larni berish kifoya qilishini ham ma’lum qildi.