O‘zbekiston vazirliklarining birida yaponiyalik maslahatchi ish boshladi 

  • 18:30 / 14.01.2020
  • 147

Foto: Prezident Matbuot xizmati

Bugun, 14-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga oliy darajadagi tashrif yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.


Xabarda aytilishicha, yaponiyalik mutaxassis Etsuaki Yoshida O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida vazir maslahatchisi sifatida faoliyat boshladi. U AKT sohasidagi korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash dasturini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar va xalqaro kredit liniyalarini jalb qilish masalalari bilan shug‘ullanadi. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida ta’lim, fan va innovatsiyalar bo‘yicha maslahatchi-vakil hamda xususiy biznes bilan ishlash bo‘yicha maslahatchi lavozimlari joriy qilindi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish chog‘ida tashriflar natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan “yo‘l xarita”lariga muvofiq 2020-yil uchun belgilangan chora-tadbirlarning to‘liq va sifatli ijrosini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Aholi turmush darajasini oshirish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga xizmat qiladigan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyatining hisoboti eshitildi, aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, eksport oldi moliyalashtirishni kengaytirish, investitsiya muhitini yaxshilash, sanoat tarmoqlari va istiqbolli loyihalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda manzilli yondashuvni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi va takliflar ishlab chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev bugungi o‘tkazgan yig‘ilishida Birlashgan Arab Amirliklariga oliy darajadagi tashriflar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish haqida ham muhokama qilgan edi.