O‘zbekistonda bir kunda 6 kishining o‘limiga nima sabab bo‘lyapti?

  • 19:29 / 14.01.2020
  • 598

“Yuksalish” umummilliy harakati yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq ayrim ma’lumotlarni ulashdi. Unga ko‘ra, yo‘l˗transport hodisalarida insonlar halokatini kamaytirish uchun shahar va aholi yashash punktlarida avtotransport harakat tezligining 70 km/s dan 60 km/s ga pasaytirish to‘g‘risidagi taklif kiritilganligiga qaramasdan tasdiqlanmagan. Bu taklif jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan hujjat loyihasida bildirilgan.

“Qayta aloqa tizimlari (Telegram˗bot, elektron manzil, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar) orqali hamda hududlardagi bevosita uchrashuvlar chog‘ida “Yuksalish” umummilliy harakatiga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Fuqarolar yo‘llardagi vaziyat, transport inratuzilmasi sifati, aholining, ayniqsa, bolalar va yoshlarning yo‘l harakati qoidalarini bilish darajasidan xavotirda”, deyiladi “Yuksalish” umummilliy harakati axborotida.
         Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublika hududida yiliga o‘rtacha 9˗10 ming yo‘l˗transport hodisalari sodir bo‘ladi, ulardan ikki mingdan ortig‘ida insonlar halok bo‘lmoqda. 2018-yilning o‘zida O‘zbekistonda 2 262 nafar kishi YTH qurboni bo‘ldi. Halok bo‘lganlar soni 2017-yilga nisbatan 8,5 foizga kamaygan bo‘lsada (2 473 kishi), bu ko‘rsatkich hamon yuqori ˗ bir kunda 6 kishi.
Harakatlar strategiyasiga muvofiq, respublikada yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, avtotransport boshqarish va avtomobil harakati yo‘llarida piyodalar madaniyatini oshirish sohasi ham takomillashtirilyapti. 2018 – 2022-yillarda O‘zbekiston Respublikasida Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash Konsepsiyasi qabul qilindi. U normativ˗huquqiy bazani takomillashtirish, yo‘l harakati ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini oshirishni maqsad qilgan.
 “Shuningdek, jamoat transporti tarmog‘ini rivojlantirish va shaharning markaziy qismlarida sayr uchun maydonlarni kengaytirish masalasini dolzarb deb hisoblaydi. Yo‘l infratuzilmasini loyihalashda va bu kabi loyihalarning amalga oshishini nazorat qilishda jamoatchilikning ishtiroki muhim”, deyiladi “Yuksalish” umummilliy harakati rasmiy kanalida.