O‘zbekistonda koronavirusdan xoli hududlar soni yana bittaga ko‘paydi 

  • 17:49 / 20.05.2020
  • 799

Surxondaryo viloyatida 1 nafar, Xorazm viloyatida esa 2 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor tuzaldi va reabilitatsiyaga kuzatildi.

Surxondaryoda tuzalib chiqqan 33 yoshli erkak kasallikni koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda yuqtirib olgan. Ta’kidlash joizki, u hozircha viloyatdagi oxirgi bemor bo‘lib, jami ushbu hududda 43 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan forig‘ bo‘ldi.

Hozircha viloyat COVID-19 dan xoli hududlar (Jizzax, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlari) safiga qo‘shildi.

Xorazm viloyatida tuzalib chiqqanlarning biri 49 yoshli erkak bo‘lib, Rossiyadan charter reys bilan kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan. Ikkinchisi esa 39 yoshli erkak bo‘lib, kasallikni koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda yuqtirib olgan.

Viloyatda shu paytga qadar 228 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 230 nafarga yetdi. Shunday qilib, hozirda Xorazmda 3 nafar bemor davolanmoqda.

Ayni paytda respublika bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 2369 nafarni tashkil etmoqda.