O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish uchun 660 million dollarlik loyiha moliyalashtiriladi

  • 19:40 / 21.04.2020
  • 231

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish uchun qariyb 700 million dollarlik loyiha moliyalashtiriladi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi ishlab chiqildi.
 
Ushbu qarorga muvofiq, mazkur loyiha qishloq xo‘jaligi sohasida unumdorlikni oshirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va bozor iqtisodiyotiga asoslangan meva-sabzavotchilik sohasida yuqori qiymat zanjirini yaratish, ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy salohiyatini va infratuzilmasini mustahkamlash va Jahon banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qayd etilishicha, 2020-yil 20-martda Jahon bankining Direktorlar kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga “O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasini moliyalashtirish uchun umumiy 30 yil muddatga 10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining 181,0 mln. AQSh dollari miqdoridagi qarzi va Xalqaro taraqqiyot uyushmasining ko‘lamini kengaytirish dasturining 100 mln. AQSh dollari miqdorida krediti hamda 5 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 219 mln. AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli krediti ajratilishi ma’qullangan.

Loyihaning umumiy qiymati 659,5 mln. AQSh dollari ekvivalentini, shundan O‘zbekiston Respublikasining ulushi – 159,5 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. Shu jumladan, soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni to‘lash shaklidagi ulush – 124,5 mln. AQSh dollari ekvivalentini va Loyiha ishtirokchilarining (benefitsiarlar) ulushi – 35,0 mln. AQSh dollari ekvivalentini tashkil etmoqda.

Loyihani amalga oshirish davri 6 yilni (2020 – 2026-yillar) tashkil etib, O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshiriladi.

Shuningdek, agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi Loyihani o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish, uni muvofiqlashtirish va boshqarish, Loyihani amalga oshirish davrida monitoring va hisobotni yuritish uchun mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi. Jahon bankidan olingan mablag‘lar esa O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qaytariladi.

Kredit liniyasini boshqarish, Jahon bankining mablag‘lari o‘z vaqtida o‘zlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish bo‘yicha monitoring va hisobotni yuritish funksiyalari Loyihada ishtirok etuvchi O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklariga yuklanadi.