O‘zbekistondagi masjidlar soni yana bittaga ko‘paydi

  • 17:08 / 06.06.2020
  • 664

Surxondaryo viloyatining olis Muzrabot tumanida “Do‘stmuhammad bobo” jome masjidi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Matbuot xizmati maʼlum qildi.
 
Xabarda aytilishicha, joriy yilning 5-iyun kuni, Muzrabot tumanida yangi masjidga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida adliya boshqarmasidan guvohnoma taqdim etilgan.
 
“180 mingga yaqin aholiga ega Muzrabot tumanida shu kunga qadar 1 ta masjid faoliyat yuritar edi. U ham bo‘lsa tuman markazidan salkam 20 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, aholining ko‘p qismi jamoat namozlarini ado etish uchun uzoq masofada joylashgan masjidga qatnar edi”, deyiladi O‘MI xabarida.
 
Masjid ikki yarim yildan ziyod vaqt davomida, xalq hashari yo‘li bilan qurib bitkazilgan.
 
1500 kishilik sig‘imli ekanligi aytilayotgan jome masjidga O‘zbekistondagi ko‘plab qorilarning, xususan, Surxondaryo va Qashqadaryo vohasidagi minglab tolibi ilmlarning tabarruk ustozi bo‘lgan vohalik olim, marhum Do‘stmuhammad ohun domlaning nomi qo‘yildi.
 
“Alloh taolodan yangi bunyod etilgan O‘zining baytini musulmonlar uchun xayrli, to qiyomatgacha azon ovozlari yangrab turuvchi maskan bo‘lmog‘ini tilab qolamiz!
Muzrabotliklarni esa baytulloh bilan muborakbot etamiz!” deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabarida.
 
Maʼlumot uchun, O‘zbekistondagi masjidlar soni 2068 taga, Surxondaryo viloyatida esa 113 taga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8-iyun, dushanba kunidan boshlab, “yashil” hududlarda masjidlar o‘z faoliyatini karantin talablariga amal qilgan holda boshlaydi.