O‘zbekistonning yana ikki vakili jahon chempionati yarim finaliga chiqdi

  • 22:21 / 18.09.2019
  • 287

Rossiyaning Yekaterinburg shahri mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatining o‘ninchi kun bahslarida kechki dasturdan o‘rin olgan janglar bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston terma jamoasining -57 kilogramm vazn toifasida vakili Miraziz Mirzaxalilov chorak final doirasida qozog‘istonlik Qayrat Yeralievga qarshi jang qildi.

3 raund davom etgan jang yakunida hakamlar o‘zbekistonlik bokschini g‘olib deb topishdi va Mirzaxalilov turnirning yarim finaliga yo‘l oldi. U endi kamida jahon chempionatining bronza medalini naqd qildi.

Bobousmon Baturov (-69 kg) esa ushbu bosqichda iordaniyalik Ziyad Iashash bilan hisob-kitob qildi.

Faoliyatida ilk bor kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida qatnashayotgan o‘zbekistonlik bokschi o‘zining debyut chempionatidan medal bilan qaytadigan bo‘ldi. Butun jang davomida o‘z ustunligini namoyish qilgan Baturov yarim final masalasini ijobiy hal qildi.

Bundan avvalroq, O‘zbekiston boks terma jamoasining -52 kg vazn toifasidagi vakili Shahobiddin Zoirov bolgariyalik Daniel Asenovni mag‘lub etgan holda yarim final yo‘llanmasini hal qilgan edi.