OAV: PSJ Neymarni “Barselona” futbolchisi Koutinyoga qo'shimcha haq evaziga almashtirishga rozi bo'ldi

  • 11:07 / 12.08.2019
  • 484

Fransiyaning PSJ futbol klubi braziliyalik hujumchi Neymarni “Barselona” yarimhimoyachisi Filippe Koutinyoga ispaniyaliklarning qo'shimcha haqi evaziga almashtirishga rozi bo'ldi. 

Ma’lumotlarga ko'ra, kelasi hafta “Barselona” Parij klubiga rasmiy taklif bilan chiqishi mumkin. Neymarning o'zi ham “Barselona”ga qaytish istagini bildirgan. Shuningdek, PSJ  “Yuventus” ning argentinalik hujumchisi Paulo Dibala bilan qiziqyapti va o‘z darvozasini ham mustahkamlash taraddudida.

Avvalroq, Neymarning transferi borasida PSJ bilan muzokaralarning faol bosqichiga o'tgani haqida xabar berilgandi.

Neymar PSJ ga 2017-yil yozida, rekord darajadagi — 222 million yevro evaziga “Barselona”dan o'tgandi. Hujumchining fransuz jamoasi bilan shartnomasi 2022-yil yozida tugaydi. Parijliklar safida Neymar barcha turnirlarda 58 ta uchrashuv o'tkazib, 51 ta gol va 29 ta golli uzatmani qayd etdi. U ikki marta Fransiya chempioni (2018, 2019), Fransiya kubogi (2018), Liga kubogi (2018) va Fransiya superkubogini (2018) yutgan.

Neymar 2013-yildan 2017-yilgacha “Barselona”da o'ynagan, 186 uchrashuv o'tkazgan, 105 gol va 76 ta golga asistentlik qilgan. U ikki marta Ispaniya chempioni (2015, 2016), uch marta Ispaniya kubogini (2015, 2016, 2017), bir marta Chempionlar Ligasini (2015), UEFA Superkubogini (2015) va Ispaniya Superkubogini (2013), shuningdek, klublar o'rtasidagi jahon chempionatini yutgan (2015).

Koutinyo esa “Liverpul”dan “Barselona”ga Ispaniya klubi uchun rekord darajadagi 145 million yevroga ko'chib o'tgandi. Koutinyo Kataloniya jamoasi tarkibida 78 o‘yin o‘tkazdi, shulardan 57 tasi boshlang‘ich tarkibda, 21ta golli uzatma va 11 ta assistentlik.