Olamshumul yangilik: olimlar inson fikrlarini o‘qishga muvaffaq bo‘lishdi!

  • 19:25 / 01.04.2020
  • 1010

Tadqiqotchilar neyrotizim hamda elektrokortikogramma usuli yordamida insonlarning fikrlarini aniq o‘qishga muvaffaq bo‘lishdi. Bunda xatolik bor-yo‘g‘i 3 foizni tashkil etmoqda.

San-Fransiskodagi Kaliforniya universiteti olimlari “Nature Neuroscience” jurnalida e’lon qilgan maqolalarida gap sun’iy intellekt yordamida inson fikrlarini o‘qish masalasida boradi.

Fikrlar mag‘zini chaqish ham axloqiy jihatdan, ham texnik jihatdan murakkab jumboq sanaladi. Mazkur ilmiy yutuqdan ayrimlar jinoyatchi hamda terrorchilar miyasiga kirish, fuqarolar ongi ustidan nazorat o‘rnatishda foydalanish ham mumkin. Biroq olimlarning maqsadi, gapirish va harakatlanish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan insonlarga ko‘mak berishdan iborat.

Hozirda olimlar shug‘ullanayotgan fikrlarni o‘qish jarayoni miyaning elektr faolligi stimullarini qayta ishlash jarayonida hisoblashga asoslangan. EEG yoki boshqa usullar yordamida axborot neyrotizimlarda qayta ishlanadi va oxir-oqibat nazariyaga ko‘ra, odam nimani o‘ylayotganini ochib beradi.

EEG – signallarni invaziv bo‘lmagan usulda (bemorning boshiga maxsus bosh kiyimi kiydiriladi) tutishga mo‘ljallangan tizim bo‘lib, aniqlik borasida elektrokortikogrammadan qolishmaydi. Foydalanish chog‘ida elektrodlar ma’lumotlarni miya yarimsharining o‘zidan oladi. Ikkinchi usul esa yanayam aniqroq, invazivligi tufayli tarqalish hududi unchalik keng emas. Biroq bosh miyadagi jarohat yoki insultdan keyingi nutq buzilish holatlarida undan foydalanish juda qulay.

Yangi tadqiqot yordamida olimlar yangi cho‘qqini zabt etishdi: ularning bu tizimlari orqali butun boshli gapning mag‘zini chaqish imkoni paydo bo‘ldi. Yana yuqori aniqlikda. Bu tizim to‘rt nafar epilepsiyaga chalingan ayollarda sinab ko‘rildi. Ularning har biri miyasiga implantant yordamida elektrodlar joylashtirildi.
Tadqiqotchilar elektrodlar yordamida miya qobiqlarining turli joylari faolligini o‘rganishdi, bu orada ayollar gaplarni o‘qiy boshladilar. Ular har bir gapni ikki marotabadan o‘qishdi. Birinchisi neyrotizimlar ishini tekshirish maqsadida, ikkinchisi test uchun.

Birinchi neyron tizimi ular asosida “ichki foydalanish” uchun kodlovchi mavhum taqdimotni yaratdi. Ikkinchi neyron tizimi esa ushbu taqdim etilgan ma’lumotlarni alohida so‘zlarga tarjima qildi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta odamda o‘tkazilgan trening va qo‘shimcha takliflar to‘plamidan foydalanib, mualliflar yuqori natijalarga erishdilar. Shuningdek, ular neyron tizimi shunchaki mashg‘ulot namunasini ko‘chirishdek xatoga yo‘l qo‘ymasligiga ishonch hosil qildilar.

Tadqiqotchilar, bu yangi tizimda xato ehtimoli atigi 3 foiz ekanligini ta’kidlashmoqda. Ammo neyron tizimlari juda kam chegaralangan lug‘at bilan, 30 va 50 ta jumlalardan iborat bo‘lgan ikkita namunada ishlagan – bu oddiy odamning yuz minglab so‘zlarni taniydigan lug‘atidan ancha kam. Shunga qaramay, olimlarning ta’kidlashicha, gapira olmaydigan odam uchun bu haqiqiy moʻjiza va katta imkoniyatga aylanishi mumkin.