Olimlar atrof-muhit uchun zararsiz batareyalar ixtiro qilishdi

  • 20:55 / 19.02.2020
  • 274

Litiy-ionli akkumulyatorlarning (yoki oddiygina qilib batareya, deyish mumkin) kashf qilinishi o‘z davrining haqiqiy inqilobi edi. Ammo, keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, bu batareyalar tarkibidagi elementlarni shunchaki tashlab yuborib bo‘lmas, u atrof muhit uchun juda xavfli hisoblanar ekan. 

Biroq, yevropalik olimlarning bu boradagi oxirgi tadqiqotlari yana bitta inqilobga olib kelishi kutilyapti. Ular tabiatga salbiy ta’sir qilmaydigan, odatdagi batareyalarga qaraganda ikki barobar ko‘p quvvat beradigan akkumulyator yaratishga muvaffaq bo‘lishdi.   

“Yeurekalert” nashrining xabar berishicha, bu tadqiqot ishlarini Shvetsiyaning Chalmers Texnologik universiteti hamda Sloveniyaning Milliy kimyo instituti mutaxassislari boshqarmoqda. Alyuminiyli batareyalar texnologiyasini qo‘llash bir qator afzalliklarga ega bo‘lishi mumkin. Energiyaning yuqori zichlikka ega bo‘lishi ham bu afzalliklar qatoriga kiradi. Qolaversa, hozircha bu metallni ishlab chiqaruvchi va qayta ishlovchi sanoat mavjud. Olimlarning yangicha yondashuvi hozirgi litiy-ionli batareyalarga qaraganda ishlab chiqarish xarajatlarini ancha pasaytiradi.
 
Yangi ishlanmamizning moddiy xarajatlari va atrof-muhitga ta’siri oldingilaridan ancha kam bo‘ladi, deb umid qilyapmiz. Chunki, biz ularni qo‘llash mumkinligi, masalan, Quyosh elementlaridan olingan quvvat zaxiralarini saqlashini ko‘rib turibmiz, deydi loyiha mualliflaridan biri, Chalmers Texnologik universiteti fizika kafedrasi professori Chalmersa Patrik Yoxansson. 

Yangi turdagi batareyalar qanday tuzilgan? 
Izohlash joizki, asosiy manba elementi sifatida alyuminiydan foydalanish borasidagi harakatlar ilgari ham bo‘lgan. O‘shanda batareyalarning konstruksiyasida alyuminiy anod (manfiy elektrod) sifatida qo‘llanilgan, grafit esa katod (musbat elektrod) sifatida ishlatilgan. Biroq, grafit bu maqsadga unchalik ham mos emas. Chunki, akkumulyator quvvatiga uncha yaxshi ta’sir qilmaydi.
 
Yangi ishlanmada grafit antraxinonning uglerod molekulalaridan tayyorlangan organik katod bilan almashtirildi. Antraxinon – suvda deyarli erimaydigan, uglerod, vodorod va kislorod atomlaridan iborat modda. Sanoatda gohida bo‘yovchi modda sifatida ishlatiladi.
   
Bu organik molekulaning afzalligi shundaki, u elektrolitning musbat zaryadlangan zarralarini “ushlab oladi” va shu tariqa ancha ko‘p miqdorda zaxira yaratadi. Bu esa ularni akkumulyator batareyalarida qo‘llash imkonini beradi.
    
Yangi katod materiali zaryad tashishning ancha qulay yo‘lini berar ekan, shu asosda batareyalarda alyuminiyning imkoniyatlarini oshirish mumkin. Endilikda biz texnologiyani kuchaytirish xususida bosh qotiryapmiz va yaxshi elektrolit qidiryapmiz. Hozirgi versiyada xlor bor, biroq biz undan voz kechishni istaymiz, deyishmoqda mutaxassislar.

Albatta, bu texnologiyadan tijorat maqsadlarida foydalanish haqida gapirishga hali juda erta. Xuddi shu kabi, litiy-ionli akkumulyatorlardan voz kechiladi, deb ta’kidlashga ham hali ancha bor. Olimlarning oldida turgan asosiy masala atrof-muhitga bezarar (hajm va qulayliklarni kamaytirish hisobiga emas) va eskilaridan yangilariga sezdirmasdan olib o‘tadigan akkumulyatorlarni yaratishdir.