Olimlar qon tahlilisiz ham odamning C darmondorisi darajasini aniqlay olishdi

  • 18:56 / 29.05.2020
  • 129

Ayni davrda organizmda moddalar konsentratsiyasi qay darajada ekanligi faqat qon tahlili orqali aniqlanadi va bu eng keng tarqalgan usul. Qon tahlili nafaqat inson salomatligining asosiy ko‘rsatkichlari darmondorilar, gormonlar va boshqa moddalar miqdorini, balki kasalliklarga tashxis qo‘yish va xavfli viruslarni aniqlash imkonini ham beradi. Biroq bu usul inson tanasiga bevosita daxl qilishni talab etadi va hammada ham tahlil uchun qon topshirish imkoni mavjud emas.  Xuddi shu sababga ko‘ra, misol uchun, diabet bilan og‘rigan odamlar o‘zlari bilan qondagi qand miqdorini aniqlovchi kichik qurilmani olib yurishadi. Oxirgi yillarda olimlar tahlil uchun qon olmasdan biror moddaning konsentratsiyasini aniqlovchi moslamalarni yarata boshlashdi. Ana shunday qulayliklardan biri yaqindagina AQSh va Shveysariya olimlari tomonidan namoyish etildi.   

Ter yordamida C darmondorisi darajasini o‘lchashga mo‘ljallangan moslama qismi  
Olimlar bevosita inson tanasiga nina kirgizmasdan organizmda C darmondorisining darajasini aniqlovchi qurilma yaratishga muvaffaq bo‘lishdi. Qanday qilib, deysizmi? Shunday uzatgich yaratishdiki, u C darmondorisining miqdorini oddiy terga asoslanib aniqlaydi! Bu qurilma qonni tahlil qilmasdan turib, bu moddaning miqdorini nazorat qilib borish va me’yorida saqlash imkonini beradi.
   
C darmondorisi tahlili uchun
Tadqiqotchilar bu g‘oyani amalga oshirish uchun uzatgich elektrodlarining birini maxsus fermentga joylashtirdi. Uzatgichga tushgan C darmondorisi molekulasi uning yordamida kislorod bilan reaksiyaga kirishadi. Undan keyin uzatgich C darmondorisi konsentratsiyasi oshganda oksidlash uchun sarflanadigan kislorod tufayli tokda yuzaga keluvchi o‘zgarishini o‘lchaydi. Boshqacha aytganda, moslama bevosita C darmondorisi bilan ishlamaydi, balki reaksiya tufayli tokda yuzaga kelgan o‘zgarishlarni aniqlaydi. O‘sha ko‘rsatkichlar asosida bu moddaning organizmdagi miqdori ma’lum bo‘ladi.

Moslamada uzatgichdan tashqari elektrodlar ham bor 
Qurilma shunday yaratilganki, u teriga qo‘yilgan joyidan ter ajralib chiqa boshlaydi. Aksincha bo‘lishi ham mumkin emas. Misol uchun, bunday uzatgich qishda qo‘llaniladigan bo‘lsa, odam mutlaqo terlamaydi va biror natijaga ham erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun uzatgich shunday yasalganki, avvalo, qo‘yilgan joyidan ter chiqadi. Qolaversa, organizmdagi o‘sha moddaning darajasini bilish uchun ozgina terning o‘zi yetib ortadi.  

Moslamaning ishlash darajasini tekshirish maqsadida olimlar qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazdi. Bevosita qondan olingan natija bilan moslama uzatgichi bergan ko‘rsatkich bir xil bo‘lib chiqdi. Bundan tashqari, jalb etilgan ko‘ngillilarning qo‘liga moslama taqildi va darmondori miqdori aniqlandi. Shundan keyin ularga C darmondorisi tabletkasi, apelsin sharbati berildi va C darmondorisining miqdori qayta o‘lchandi. Tadqiqotlar, moslama o‘zgarishlarni darrov ilg‘ay olishini isbotladi.   

Moslama oksidlanish evaziga ishlaydi

C darmondorisining foydasi
Uning organizmda qay darajada ekanligini aniqlashning nima keragi bor o‘zi? C darmondorisi suvda eruvchi juda kuchli antioksidantdir. Inson organizmiga kollagen sitezi zarur. Kollagen – asosiy oqsil tizimi bo‘lib, organizmga qon tomirlari, teri, organlar va suyakning yaxlitligi uchun kerak.

Agar insonda C darmondorisi darajasi past bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan nafaqat tomirlarda muammo yuzaga chiqadi, balki terida dog‘lar paydo bo‘ladi va suyak mo‘rtlashadi. Shu sababdan, shifokorlar bu haqda bilib qolishsa, uning darajasini nazorat qilib borish uchun doimiy ravishda qon tahlilini talab qilishadi. Bu darmondorini doimiy iste’mol qilish inson tanasini singa kasalligidan asraydi. Immunitetni ko‘tarish asnosida infeksiya qo‘zg‘atuvchilariga qarshi turishni kuchaytiradi va tanani yallig‘lanish paydo qiluvchi zararli moddalardan tozalaydi. 
 
C darmondori darajasini qanday qilib ko‘tarish mumkin? 
Buning uchun muntazam ravishda C darmondorisiga boy mahsulotlarni iste’mol qilish kerak – misol uchun, shirin qizil qalampir, apelsin va limon. Kivi ham antioksidant C darmondorisining manbayi hisoblanadi. Taomga C darmondorisiga boy mahsulotlarni ishlatish organizmning infeksiya chaqiruvchilarga qarshi immunitetini mustahkamlaydi. Yangi uzilgan qulupnay ham bu darmondoriga boy – 100 grammida 58,8 milligramm bo‘ladi, bu kundalik tavsiya etiladigan me’yorni 98 foizga qondiradi. Agar C darmondorisini ko‘paytirishning tabiiy usullari yordam bermasa, unda shifokorlar dori-darmon terapiyasini tavsiya etishadi.  

Istiqbolda amerikalik va shveysariyalik tibbiyotchilar kashf qilgan moslama turibdiki, uning yordamida qon tahlilisiz inson tanasidagi ko‘p moddalarning konsentratsiyasini aniqlash mumkin. Asosiysi, katalizatorni to‘g‘ri tanlay bilish lozim – u tufayli kimyoviy reaksiya sodir bo‘ladi va reaksiya natijasiga qarab moddaning miqdori aniqlanadi.

Teglar