Oliy ta’limda davlat granti uchun kvotalar ajratishda mahalliy mehnat bozorlaridagi ehtiyojlar e’tiborga olinadi

  • 09:52 / 18.04.2020
  • 255

Professional ta’lim muassasalaridagi davlat granti uchun ajratilgan qabul kvotalari mahalliy mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqib belgilanadi.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
 
Unga ko‘ra, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Moliya vazirligining 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab professional ta’lim muassasalarida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tahsil oladigan o‘quvchilarni qabul qilish kvotalarini tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga kiritish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Shuningdek, qaror loyihasida belgilanishicha:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki xafta muddatda hamda 2021-yildan boshlab har yili 15-yanvarga qadar hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari asosida mahalliy mehnat bozori ehtiyojlariga, o‘quvchilarning qiziqishlari hamda ish beruvchilarning buyurtmalariga asosan Professional ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatoriga muvofiq o‘quvchilarni qabul qilish kvotalari bo‘yicha takliflarni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi;

tizimida kollejlar, oliy ta’lim muassasalari huzuridagi texnikumlar bo‘lgan vazirliklar va idoralar ikki xafta muddatda hamda 2021-yildan boshlab har yili 15-yanvarga qadar o‘z ehtiyojlari, yuridik va jismoniy shaxslarning buyurtmalari doirasida davlat grantlari asosida professional ta’lim muassasalarining qabul kvotalarini kasblar va mutaxassisliklar kesimida Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga taqdim etadi;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hududlar kesimida, professional ta’lim muassasalari, kasblar va mutaxassisliklar doirasida davlat grantlari bo‘yicha qabul kvotalarini O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritadi;

professional ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘quvchilar qabul qilinadigan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati mazkur muassasalarning o‘quvchi o‘rni va zaruriy moddiy-texnik bazasidan kelib chiqib Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tizimida kollejlar, oliy ta’lim muassasalari huzuridagi texnikumlar bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2021-yil 1-yanvarga qadar oliy ta’lim muassasalari huzuridagi texnikumlarni bitirgan o‘quvchilarni tamomlagan mutaxassisligi bo‘yicha tegishli oliy ta’lim muassasasiga suhbat asosida qabul qilish to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqadilar.